Surena
Surena (Suren yoki Rustaham Suren)[1] - miloddan avvalgi I asrda yashagan Parfiya spahbedi (qoʻmondoni). Suren Parfiya bosh spahbedi sifatida Karrhae jangida rimliklarni magʻlub etgani bilan mashhur hisoblanadi. Uning qoʻmondonligi ostida parfiyaliklar Krass Mark Litsiniy boshchiligidagi son jihatdan ustun boʻlgan Rim qoʻshinlarini hal qiluvchi jangda magʻlubiyatga uchratadilar. Bu Rim va Parfiya imperiyalari oʻrtasidagi eng qadimgi va eng muhim janglardan biri sifatida tarixga kiradi, shuningdek ushbu jang Rim tarixidagi eng dahshatli magʻlubiyatlardan biri ham hisoblanadi.
Surena faoliyatiga tavsif
tahrirSurena - ismi hozirda ham Erondagi mashhur ismlardan hisoblanadi. Shuningdek bu ism Armanistonda keng tarqalgan Suren ismining yunon va lotincha shaklidir. Suren "qahramon, kuchli" degan maʼnoni anglatadi. Yana ishonchli maʼlumotlarga koʻra, Surena hozirgi Oʻrta Osiyo, Sirdaryo hududidan Parfiyaga koʻchib kelgan sak qabilalarining vakili hisoblangan. Saklarning jangovar otliq qoʻshinlari parfiyaliklar tomonidan mintaqada oʻz taʼsirini kuchaytirish, qirol Antiox Sidet vakili boʻlgan yunon hukmronligi qoldiqlariga qarshi kurashda, shuningdek, Parfiya sulolalarining alohida vakillarining oʻzaro urugʻ-aymoq kurashida faol foydalanilgan[2]. Uning nomi sak va soʻgʻd shevalarida "qizil", "kuchli", "jasur" degan maʼnoni anglatuvchi Surxon nomidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin.
Miloddan avvalgi 54-yilda Surena Selevkiya shahri uchun jangda Orodes II (Hurud II) qoʻshinlarini boshqargan va keyin Bobilni taslim boʻlishga majbur qilgan. Surena (Surxon) taxt vorisligi uchun boʻlgan kurashda ajralib turadi (Orodes II avvalroq Mitridat III tomonidan taxtdan ag‘darilgan) va Orodes II ning Arsak taxtiga qaytishiga hissa qo‘shgan shaxslardan hisoblanadi[3].
Miloddan avvalgi 53-yilda Rimliklar Parfiya qirolligining gʻarbiy vassallari hududiga yurishni boshlaydilar. Bunga javoban Orodes II Rim yurishini toʻxtatish uchun Surena boshchiligidagi otliqlarni yuboradi. Ikki qoʻshin Karrhae yaqinidagi jangda (zamonaviy Turkiyada, Harranda) uchrashishdi, bu yerda parfiyaliklar aqlli taktikadan foydalanib, son jihatdan ustun boʻlgan rimliklarni butunlay magʻlub etishadi. Rim eng ogʻir magʻlubiyatlardan birini boshdan kechiradi (Plutarx 20 ming halok boʻlgan rimliklar va 10 ming harbiy asirlarni eslatib oʻtadi), lekin Parfiya bu gʻalaba natijalaridan foydalana olmadi va oʻz hududini kengaytira olmadi. Surenaning oʻzi tez orada Orodes II buyrugʻi bilan qatl qilindi, u ehtimol Surenaning shon-shuhratiga hasad qilgan va uning taxtga daʼvogarlik qilishidan qoʻrqqan[4].
Manbalar
tahrir- ↑ Pourshariati, Parvaneh (2008). Decline and Fall of the Sasanian Empire: The Sasanian-Parthian Confederacy and the Arab Conquest of Iran. London and New York: I. B. Tauris.
- ↑ A. D. H. Bivar[en] „The Political History of Iran under the Arsacids“,. Cambridge History of Iran. London: Cambridge UP, 1983 — 49—50 bet. .
- ↑ «The Political History of Iran under the Arsacids», 1983.
- ↑ «Arsacid ii: The Arsacid Dynasty».