Surxondaryo qoʻgʻirchoq teatri

Surxondaryo qoʻgʻirchoq teatri — 2001 y. 26 noyabrda tashkil etilgan. Teatr "Tuyaqushboyoqush" (P. Moʻmin) spektakli bilan ochilgan (2002). 240 oʻrinli zaliga ega. "Doʻstlar" (A. Jamol), "Oʻrmonda yangi yil", "Abdulla quvnoq hangomalari" (T. Qobilov), "Yalmogʻizga alla — quyonvoyga tilla" (3. Shamsutdinova sheʼrlari asosida) kabi spektakllar sahnalashtirildi. Teatr foyesida rassom Roʻzi Choriyev rasmlari galereyasi joylashgan boʻlib, rassomning portret, peyzaj janrlariga mansub jami 55 asari qoʻyilgan.