Suspenziyalar
Suspenziyalar (lotincha: suspensio — osmoq) — suyuq dori turi. Tarkibidagi kukun (qattiq zarra koʻrinishidagi) dori moddalari biror suyuklik (suv, glitserin, oʻsimlik moyi)da muallaq holda turadi. S. dorivor moddalarni ayni eritmada eritib boʻlmaydigan hollarda tayyorlanadi. S.ni ishlatishdan oldin yaxshilab chayqatiladi. S. kondensatlab yoki disperslash yoʻli bilan hosil qilinadi.
Qishloq xoʻjaligida oʻsimliklarni himoya qilishda purkash uchun keng qoʻllanadi. S. dispersion muhit (odatda, suv) va dispers faza — pestitsidning qattiq zarrachalaridan tashkil topadi. Ular yetarli darajada barqaror, yaʼni tayyorlanganidan keyin uzoq vaqtgacha choʻkmaydigan, purkaladigan sathni yaxshi hoʻllashi va yopishqoq boʻlishi kerak. S, odatda, ishlatiladigan paytda, qattiq kukun preparatlar — hoʻllanuvchi kukundan tayyorlanadi. Ularning tarkibi (30—90%) pestitsidlar, toʻldiruvchilar, sirt faol va qoʻshimcha moddalardan iborat. Toʻldiruvchi modda sifatida koʻpincha kaolin qoʻllanadi. Dehqonchilikda tuproqni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda yoki begona oʻtlarga qarshi kurashda ishlatiladi. Oltingugurt, akreks, keltan, gardona, tiodan, fozalon va boshqa insektitsid hamda akaritsidlarning hoʻllanuvchi kukunlaridan tayyorlangan S. keng tarqalgan.
Bir qator texnologik jarayonlarda (qogʻoz, lok, boʻyoq, plastiklar, rezina va boshqa ishlab chiqarishda) S.ning ahamiyati katta.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |