Suv choʻchqachasi, kapibar (Hydrochoerus) — suv choʻchqalari oilasiga mansub kemiruvchi hayvon. Oilaning yagona vakili. Gavdasining uzunligi 100—130 sm, ogʻirligi 60 kg va koʻproq (hozirgi yashayotgan kemiruvchilarning eng yirigi). Tanasi och qoʻngʻir tusli siyrak dagʻal jun bilan qoplangan. Oyoklari uzun, barmoklarida tuyoqsimon tirnoqlari bor. Dumsiz. Yaxshi suzadi va shoʻngʻiydi. Yilda bir marta 5—6 bola tugʻadi. Markaziy va Janubiy Amerikaning tropik oʻrmonlaridagi koʻl va daryolar qirgʻogʻida hamda botqokliklarida oila yoki kichik tuda boʻlib yashaydi. Oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Baʼzan ekinlarni yeb, zarar keltiradi. Goʻshti va terisi uchun ovlanadi. Qoʻlga tez oʻrganadi.