Suv kadastri
Suv kadastri — mamlakatning suv resurslari toʻgʻrisida tartiblashtirilgan maʼlumotlar majmui. Suv kadastri jami suvlarning miqdor va sifat tavsiflari boʻyicha hisobga olish maʼlumotlarini, shuningdek, suvdan foydalanishni qayd qilish va qisobga olish maʼlumotlarini oʻz ichiga oladi. Suvlardan samarali foydalanish va uni muhofaza qilishni taʼminlash Suv kadastrini yuritishning asosiy maqsadi hisoblanadi. Suv kadastri maʼlumotlaridan suvdan foydalanishni rejalashtirish va suv xoʻjaligi tadbirlarini oʻtkazishda foydalaniladi. Suv kadastri 3 boʻlimdan iborat: yer usti suvlari; yer osti suvlari; suvdan foydalanish. Suv kadastrining har bir boʻlimida doimiy (katalog), yillik va koʻp yillik maʼlumotlar beriladi. Suv havzalarini yillik va koʻp yillik kuzatish orqali ularning hajmini belgilovchi koʻrsatkichlar aniqlanadi (suv havzalari oʻzani, hajmi va hokazo maʼlumotlar). Suvlar tarkibi boʻyicha maʼlumotlar (shoʻrligi, minerallashganligi, harorati va hokazo) suv havzalarining sifat koʻrsatkichlarini tashkil qiladi. Bundan tashqari, suv havzalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi, joylashgan oʻrni, gidrotexnika inshootlari mavjudligi) Suv kadastriga kiritiladi. Suv kadastrida suv monitoringi — suv zaxiralaridagi oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniklash, ularga baho berish, salbiy jarayonlarning oldini olish, ularga barham berish uchun suvlarning holati ustidan olib boriladigan kuzatuv tizimi maʼlumotlari muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston hududidagi yer usti suv resurslari haqidagi toʻliq maʼlumotlar birinchi marta 1933—40 yillarda Davlat gidrologiya instituti tomonidan tayyorlanib, suv resurslari maʼlumotnomasi, daryolar rejimi, suv sathi maʼlumotlari haqidagi nashrlarda koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv kadastri yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining "Suv va suvdan foydalanish toʻgrisida"gi qonuni (1993 i. 6 may)ga muvofiq olib boriladi. Davlat Suv kadastri va suv monitoringini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiradi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |