Suverenitet
Suverenitet (fransuzcha: souverainete — oliy hokimiyat) — hokimiyatning ustunligi va mustaqilligi. Suverenitetni hurmatlash — xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy prinsipi. U BMT Ustavi va boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlab qoʻyilgan. Konstitutsiyaviy huquq fanida davlat suvereniteti, millat suvereniteti, xalq suvereniteti tushunchalari ishlatiladi. Davlat suvereniteti — hokimiyatning mamlakat ichida oliyligi va tashqi munosabatlarda toʻla mustakilligi. Davlat suvereniteti haqidagi goya Jan Boden (16-asr, Fransiya) ga tegishlidir. Uning fikricha, Suverenitet davlatning eng muxim belgisi hisoblanadi, bunda abadiy, mutlaq, boʻlinmas oliy hokimiyat nazarda tutiladi. Davlat suvereniteti tushunchasi keyingi davrlarda yanada rivojlantirildi va boyitiddi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida davlat suvereniteti alohida bobda oʻz ifodasini topgan, Konstitutsiyaning 1-moddasida „Oʻzbekiston suveren demokratik respublika“ ekanligi qayd qilingan. Millat suvereniteti — millatning toʻla hokimiyatini, uning toʻla siyosiy erkinligini, oʻz milliy hayotini belgilash real imkoniyatiga egaligini, mustaqil davlatni tashkil qila olishgacha boʻlgan huquqqa egaligini bildiradi. Xalq suvereniteti — xalqning toʻla hokimiyatini anglatadi, yaʼni xalq jamiyat va davlatni boshqarishda real ishtirok etish uchun ijtimoiyiqtisodiy va siyosiy vositalarga ega boʻladi. Xalq suvereniteti — barcha demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy tuzum prinsiplaridan biri hisoblanadi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida kursatilishicha, „Xalq davlat hokimiyatining birdanbir manbaidir. Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi“ (7-modda).
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |