Suyak chiqishi
Suyak chiqishi — suyak boʻgʻim uchlarining boʻgʻimdan tashqariga siljishi. Suyak boʻgʻimdan toʻliq yoki qisman chiqadi. Kelib chiqish sabablariga koʻra Sch. travmatik, odatiy, tugʻma va patologik turlarga boʻlinadi.
Travmatik Suyak chiqishi aksariyat hollarda boʻgʻimni tashkil qiluvchi distal suyakka bilvosita qattiq itaruvchi yoki tortuvchi kuch taʼsir etganda va boʻgʻimda keskin harakat qilish oqibatida roʻy beradi. Odam tanasida eng koʻp Sch. (barcha chiqishlarning 50%) yelka boʻgʻimida uchraydi. Deyarli hamma hollarda suyak chiqqanda boʻgʻim kapsulasi yoriladi va atrof toʻqimalarga ichki qon quyiladi. Chiqqan suyak boshchasi atrofdagi yirik qon tomirlari va nerv tolalarini ezib qoʻyishi mumkin.
Tashqi koʻrinishdan Suyak chiqishi jarohatlangan boʻgʻimda kuchli ogʻriq, qoʻl yoki oyoqning majburan noqulay holatda boʻlishi, boʻgʻimda harakatning keskin cheklanishi va oʻziga xos deformatsiyalar bilan tavsiflanadi. Chiqqan suyakni joyiga iloji boricha barvaqt solish kerak, eskirgan Suyak chiqishini bartaraf etish vaqt oʻtishi bilan qiyinlashib boradi. Suyak chiqishini joyiga solish uchun bir qancha usullar tatbiq etilgan. Ulardan baʼzilari (mas, Gippokrat usuli, Ibn Sino usuli) bir necha asrlardan buyon keng qoʻllanib kelinadi.
Travmatik Suyak chiqishida birinchi yordam — qoʻl yoki oyoqni roʻmol bilan bogʻlash yoki taxtakachlash, ogʻriq qoldiruvchi dori berish va travmatologga murojaat etish. Mutaxassis boʻlmagan odamning suyakni joyiga solishga urinishi ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin.
Baʼzan, suyak chiqqan vaqtda boʻgʻim xaltasi va bogʻlamlarining choʻzilib, boʻshashib ketishi oqibatida, shuningdek, Suyak chiqishi yetarli davolanmaganda, arzimagan kuch taʼsirida ham suyak yana qayta chiqib ketaveradi. Bu — odatiy Suyak chiqishidir. Bu xil Suyak chiqishi operativ yoʻl bilan davolanadi.
Tugʻma Suyak chiqishi ona qornidagi homilaning biror sabab bilan notoʻgʻri rivojlanishi, boʻgʻim yuzalarining nomutanosibligi oqibatida roʻy beradi. Koʻpincha son suyagi boshchasi, baʼzan tizza qopqogʻi chiqadi. Son suyagining tugʻma chiqishi qiz bolalarda koʻproq uchraydi. Baʼzi odamlar son suyagi chaqaloqning tugʻilish vaqtida oyogʻidan tortib yuborilganligi uchun chiqib ketadi deb notoʻgʻri oʻylaydilar. Son suyagi chanoqson boʻgʻimining kasalligi tufayli homila hali ona qornidaligidayoq chiqib boʻladi. Shuning uchun yangi tugʻilgan chaqaloqda travmatik Suyak chiqishida uchraydigan ogʻriq va shish kuzatilmaydi, bola bezovtalanmaydi. Shu sababli son suyagining tugʻma chiqishini barvaqt aniklash birmuncha mushkul. gʻali yurmagan chaqaloqlarda son teri burmalarining asimmetriyasi, oyoqlarni yaxshi kera olmaslik, bir oyoqning kaltaligi, boʻksalarda harakat vaqtida kirtillash singari belgilarga qarab diagnoz qoʻyiladi. Ultratovush tekshiruvi, rentgenografiya (3—4 oylikdan boshlab) kasallikni aniqlashga yordam beradi. Yurib ketgan bolalarda oqsoklanish, "oʻrdaksimon" yurish Suyak chiqishi belgilaridir. 1,5—2 yoshgacha Suyak chiqishini operatsiyasiz joyiga solish va bir necha oy davomida oyoqlarni kerib ushlash yoʻli bilan davolanadi. Kattaroq bolalarda son boshchasi operatsiya qilib joyiga tushiriladi. Chaqaloklarning oyoqlarini birlashtirmasdan erkin yoʻrgaklash, oyoklar orasini ochib koʻtarish son suyagi chiqishini kamaytiradi.
Patologik Suyak chiqishi boʻgʻimni tashkil qiluvchi suyaklar boʻgʻim yuzalarining orttirilgan kasallik (suyak sili, osteomiyelit, revmatoid artrit va boshqalar) oqibatida yemirilishi, boʻgʻimni oʻrab turgan muskullar falaji (paralitik Suyak chiqishi) sababli roʻy beradi. Davo Suyak chiqishini keltirib chiqargan kasallikka qarshi qaratiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |