Syanbi
Syanbi, shibay, sabi — qad. Xitoyning shimolida yashagan qabilalar ittifoqi. Xitoy manbalariga koʻra, S.lar mil. av. 8—5-asrlarda shanrung (togʻlik odamlar) yoki bayyi (oq ajnabiylar) deb nomlangan turkiylar tarkibidagi bir qavmdir. "S." atamasi Xitoyning shim.sharqidagi togʻ nomidan olingan. Mil. av. 3-asrda hunlar oʻzlarining sharqidagi qabilalarni tobe etishga harakat qilganda, ayrim qavmlar Syanbi togʻiga qochib borgan, ularham "S." debatalgan.Mil. av. 140— 86 yillarda S.lar jan.gʻarb tomonga koʻchgan va hunlarga el boʻlgan. Hunlar gʻarbga koʻchgach, S.lar ular hududini egallagan. Shundan soʻng S.lar kuchayib qabilalar ittifoqiga aylangan. Mil. 2-asrda xitoylar bilan uzoq vaqt kurash olib borganlar. 3-asrning 1-yarmida S.larning murun qabilasi hozirgi XXRning Koʻkkoʻl (Sinxay) oʻlkasiga koʻchib, u yerdagi chyanlarni tobe etib, Tuyuyxun davlatini tashkil qilgan. S.larning tuba syanbi (toba syanbi) deb atalgan qismi Moʻgʻulistonda qolib, soʻnggi Yan (Xouyan), Gʻarbiy Yan (Siyan), Janubiy Yan(Nanyan) kabi xonliklarni barpo etgan. 386-yil toʻba syanbilar Toʻbagoʻy boshchiligida Shimoliy Vey xonligi (386—534) tashkil etishgan. Ushbu xonlik yemirilgach, S.larda yana boʻlinish yuz bergan. Ularning sifu nomli bir qismi Gʻarbiy Chin (Sitsin), tufa nomli boshqa bir kismi Jan.Lyang (Nanlyang) hokimligini tuzgan. 8—9-asrlarda S.lar boshqa xalqlarga qoʻshilib ketib, alohida etnos sifatida tilga olinmagan.
Abdulahad Xoʻjayev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |