Syuan Zang (taxminan 600-664) - xitoylik sayyoh, Budda dini rohibi. 627-yil Changanda hindistonlik buddist olim Poʻmidoʻlo bilan tanishib, uning taʼsirida Hindistonga borishga axd qiladi. Tan davlati hududidan boshlangan (629) S.S.ning safari Turk xoqonligi taʼsiri ostidagi yoʻllardan oʻtgan. Xesi yoʻlagi (koridori), Ivergʻul (hozirgi Qumul, xitoycha Hami) orqali Turfonga kelgan. Bu yerda u Turfon (Gaochan) davlati xukmdori xuzurida boʻlgan. S.S. Qorashar, Kuchar, Aqsu, Muzrat dovoni, Issiqkoʻl, Taroz (Suye), Choch, Samarqand, Buxoro, Temir darvoza (Temenguan), Afgʻonistonning shim. viloyatlari, Hindukush togʻlari orqali Hindistonga borgan (630). U yerda barcha buddizm madaniyati markazla rini, mashhur ibodatxonalarni ziyorat qiladi. Hindistonning shim. sharqidagi Nalanda (Nalanto) ibodatxonasida 5-yil tahsil oladi. 640-yil bu yerda 18 mamlakatdan kelgan vakillar ishtirokida oʻtkazilgan katta xalqaro anjumanda maʼruza qilib yirik buddaviy rohiblar qatoridan joy oladi. S. S. koʻp noyob kitoblarni olib 645-yil Changanga qaytib keladi. Tan hukmdori Li Shimin (627—650 yillarda Tayzung nomi bilan taxtni boshqargan) uni Loyangdagi saroyiga taklif qilib, Markaziy Osiyodagi mamlakatlar, xalqlar, iqtisodiy ahvol va harbiy kuchlar haqida suhbatlashgan hamda bu haqda batafsil yozma maʼlumot berishni topshirgan. Bu davrda Tan sulolasi Turk xoqonligiga qarshi kurash olib borayotgani tufayli bunday maʼlumotlar nihoyatda zarur edi.

S.S.ning yoʻl xotiralari asosida yozgan "Da Tang siyuji" ("Buyuk Tang sayohatnomasi") asari Markaziy Osiyo xalqlari tarixini oʻrganishda muhim manbadir. S. S. bundan tashqari oʻzi bilan Hindistondan keltirgan kitoblarni xitoy tiliga tarjima qilish bilan shugʻullangan. Maʼlumotlarga koʻra, u jami 1335 bobdan iborat boʻlgan 74 ta asarni tarjima qilgan. S.S. Changʼandagi "Yuyxua shi" ibodatxonasida vafot etgan.