Taʼmirlash
Taʼmirlash — biror narsani asli xoliga oʻxshatib yoki asliga yaqinlashtirib tiklash, bunyod etish; maʼlum qiymatga ega qad. sanʼat asarlari va moddiymadaniy yodgorliklarni tuzatish, yaxshilash, yarokli holga keltirish. Meʼmorlikda T. tarixiy inshootlarni qisman yoki toʻla dastlabki qiyofasiga keltirish (restavratsiya), keng maʼnoda tarixiy bino yoki majmuani oʻzgartirib qayta qurish (rekonstruksiya) jarayonini ifodalaydi. Koʻlami jihatidan T. juzʼiy (maʼlum kismi) yoki yoppasiga (butunlay) oʻtkazilishi mumkin. Zamonaviy T. nazariyasi boʻyicha T.ning maqsadi tarixiy binoning qad. asl koʻrinishini kelgusidagi buzilishlardan saqlab qolish chorasini koʻrishdir. T. sintetik va analitik uslublarga ajratiladi. Sintetik T.da meʼmoriy yodgorlikning dastlabki butun holatiga keltirish, analitik (arxeologik) T.da esa asl qismlarni buzilishlardan toʻxtatib qoʻyish. T. uslubi uzoq oʻtmishga ega. Oʻzbekistondagi qad. yodgorliklar pishiqpuxta, chidamli va mukammal qilib qurilganiga qaramay, davr ularning jozibasi va koʻrkini astasekin yemirib borgan. Keyingi yillarda Oʻzbekistondagi barcha madaniy yodgorlik va obidalarda T. ishlary keng koʻlamda olib borilmoqda. T.ni muvaffaqiyatli bajarish uchun tajribali xalq ustalari (Us t a Shirin Murodov, Toshpoʻlat Arslonqulov, Shamsiddin Gʻofurov, Quli Jalilov, Abdulla Boltayev, Mahmud Usmonov, Saidmahmud Norkoʻziyev va boshqalar)dan T. qoidalaridan oʻrinli va mohirona foydalanish talab qilingan va ular shunga rioya qilgan holda ijobiy rivojlantirganlar.
Turli sabablar oqibatida yemirilgan koʻx,na obidalarni T. uchun dastavval bino poydevori arxeologik jihatdan avaylab, sinchkovlik bilan oʻrganiladi. Keyin uning meʼmoriy tuzilishi koshin va naqshlari, rangi, uslubiy jihatlari tadqiq qilinadi. Us t a qad. poydevor ustiga qoʻyiladigan yukni mazkur bino koʻtara olishi yoki koʻtara olmasligini ham bilishi kerak. Nihoyat bino tarixi, qachon qanday maqsadda qurilganligi, madaniyat tarixida tutgan oʻrni mufassal tekshiriladi. Yetarli maʼlumotlar toʻplangandan keyin meʼmorlar, loyihalovchilar va boshqa hamkorlikda loyihasmeta hujjatini tuzadilar. T.da qad. usullardan unumli foydalanish maqsadga muvofikdir. T.ning quyidagi koʻrinishlari mavjud: konservatsiya; akastilozyodgorlikning yerda yotgan boʻlaklarini joyiga oʻrnatib qoʻyish; ochishyodgorlikning barcha tarixiy kiymatga ega katlamlarini namoyish etish; toʻldirish— yodgorlikning yoʻq boʻlib ketgan joylarini toʻldirib qoʻyish; yangilash — binoning tarixiy nusxasini qurish, yoʻq boʻlib ketgan binoni yangidan tiklash (mas., Buxoriy yodgorlik majmui). T. jarayonida zamonaviy qurilish ashyolari va qurilmalarini koʻrinmaydigan joylaridagina foydalanish talab qilinadi.
Tasviriy va amaliy bezak sanʼatida T., odatda, sanʼat asarlarini soʻnggi holatini mustahkamlash va ularni buzib turgan qatlamlaridan tozalash orqali asl holiga keltirish bilan amalga oshiriladi. Avvalo bu ishlar asarlar va buyumlarning xom ashyosi, yaratilish usuli, buzilishiga sabab boʻlgan omillar va turlarini puxta ilmiy tahlil qilish hamda sanʼat va moddiy madaniy yodgorliklar tarixini chuqur oʻrganish zaminida olib boriladi. Bunda spektral, xromatografik mikrokristal va boshqa tahlillar, rentgenografiya, makro va mikrofotografiya, infraqizil nurlar va boshqa vositasida tekshiirishlardan foydalaniladi.
T. jarayonida asarning buzilgan qismlari unga yaqin boʻlgan (monumental rangtasvir uchun ohakli suv, ikona va moyboʻyoq rangtasvirining asosi hamda yelim rassomligining boʻyoq qatlami uchun hayvonot yelimlari) yoki maxsus sintetik moddalar bilan uning tuzilishi tiklanadi yoki kimyoviy oʻzgargan unsurlar (rangtasvir asarining qoraygan lok va moyi, mis buyumlardagi gʻovak qurumlar), haykaltaroshlik, amaliy bezak sanʼati buyumlaridan keyinchalik kiritilgan qoʻshimchalar qisman yoki toʻliq olib tashlanadi. Rangtasvir asaridagi qoʻshimchalardan mualliflik qismlarini idrok qilishga xalaqit bermaydiganlari saqlanadi, asarning oʻziga xos tarixiy yoki badiiy qimmatga ega boʻlgan soʻnggi qatlami imkon qadar yangi asos va zaminga koʻchiriladi. Tasviriy va amaliy bezak sanʼati asarining buzilgan qismlarini oʻzboshimchalik bilan qayta tiklashga yoʻl qoʻyilmaydi, faqat ayrim hollardagina moyboʻyoq va boshqa rangtasvir asarlarida muallifning boʻyoq qatlami va asosini toʻldirishlardan muhofaza qilish chorasi sifatida T. qoʻllanadi.
Adabiyot
tahrir- Zohidov P., Meʼmor sanʼati, T., 1978; Haqqulov A., Taʼmir sanʼati, T., 1991; Poʻlatov X.,OʻrolovA., Arxitektura yodgorliklarini taʼmirlash va kayta qurish, T., 2002.
Xayrulla Poʻlatov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |