Ahmad Tabibiy (taxallusi; asl ismsharifi Ahmad Ali Muhammad oʻgʻli, 1869—Xiva—1911) — shoir, tarjimon, tabib. Xiva madrasalaridan birida oʻqigan. Otasidan va zamonasining mashhur tabibi Yaxshimurodbekdan tabiblikni oʻrgangan, Muhammad Rahimxon II (Feruz) saroyida tabiblik qilgan. Sheʼriyatda shuxrat qozongan. Oʻzbek va forstojik tillarida, mumtoz adabiyotning anʼanaviy janrlarida ijod qilgan. Sheʼrlaridan 5 devon — "Tuhfat ussulton", "Munis ulushshoq", "Hayrat uloshiqin" (oʻzbek tilida), "Mirʼot ulishq", "Mazhar ulishtiyoq" (forstojik tilida) tuzgan. Ularda real hayotni, sof muhabbatni ulugʻlagan ("Aylading", "Ozoridur" va boshqalar).

T. oʻzbek adabiyotida muxammas janrini rivojlantirgan: Navoiy, Saʼdiy, Jomiy, Zebunniso, Munis, Ogahiy, Mirzo Gʻolib va boshqalarning gʻazallariga 518 ta muxammas bogʻlagan. Xorazm shoirlari haqida "Majmuat ushshuaroi payravi Feruz Shohiy", "Majmuai muxammasoti ashshuaroi Feruz Shoqiy" (1909) tazkiralarini tuzgan. Ikkinchi majmuasi, asosan 33 shoir muxammaslaridan tashkil topgan. Unda dastavval Ogahiy gʻazallariga, soʻng Feruz sheʼrlariga boglangan muxammaslar, keyin esa Feruzning "Oromijon nigorim, sarvi ravon nigorim" gʻazaliga taxmis, muxammas va musaddaslar keltirilgan. Xotima qismida esa shu toʻplamga kirgan Umidiy, Doiy va Xayoliyning vafoti haqida xabar, Bayoniyning "Majmuat ushshuaroi payravi Feruz Shox.iy"ga yozgan taqrizi berilgan.

T. "Vomiq va Uzro" qissasining oʻzbekcha sheʼriy (masnaviy) variantlarini yaratgan (8100 bayt). Fuzuliyning "Haft jom" asarini forstojik tilidan oʻzbekchaga tarjima qilgan. "Yetti ravza" nomli asar ham yozgan. Asarlarining bir necha qoʻlyozma va toshbosma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Manbalar tahrir

  • Tanlagan asarlar, T., 1968.

Ad..Gʻanixoʻjayev F., Tabibiy, T., 1978.