Tanbur chizigʻi, Xorazm tanbur chizigʻi — Xorazm tanbur chizigʻi — 19-asrning 2-yarmida Xorazmda yuzaga kelgan nota yozuvi. Tabulatura turi. Shoir va sozandabastakor Komil Xorazmiy joriy qilgan. Tanburning 17 ta pardasi va ochiq simiga moʻljallab chizilgan 18 gorizontal chiziqlarga joylashtirilgan nuqtalardan iborat. Chiziq ustiga qoʻyilgan nuqtalar kuy ijrosi jarayonida tanburning muayyan pardasida noxunning tepadan pastga, chiziq ostidagi nuqtalar pastdan tepaga chertilishini bildiradi. Vertikal chiziqlar pardalar yoʻnalishini koʻrsatadi. Tanbur chizigʻidagi nuqtalar asosan nimchorak va baʼzan chorak notalar choʻzimiga teng. Chiziqlarning ostiustiga nuqtalar qoʻyilib, ularning ustmaust yoki yonmayon joylashishi tanbur zarblari (“yakka zarb”, “qoʻsh zarb”lar)ga ishora deb bilinadi. Pauza (jimlik) alomati, “skun” (o) bilan ifodalanadi. Doira usullari uzunqisqa zarblarni anglatuvchi boʻgʻinlar vositasida koʻrsatiladi: “gul”, “taq”, “taqa”, “takqa" va hokazo. Kuy boʻlaklari (“xona”, “bozgoʻy”, “hang”), toʻxtovlar yoyli chiziq (strelka) ishorasi yordamida belgilab yuboriladi. Tanbur chizigʻida sheʼriy matnlar ham berilgan. Ular toʻliq yoki lavha tarzida kuy yoʻlini anglatuvchi nuqtalardan alohida, bir chekkada yoziladi. Aksariyat hollarda sheʼrlarning faqat boshlangʻich misralari keltiriladi. Unga qarab ashulachilar gʻazalning qolgan qismlarini esga solib oladilar. Tanbur notasi arab yozuviga oʻxshab, oʻngdan chapga oʻqiladi. Komil Xorazmiy Tanbur chizigʻi yordamida Xorazm maqomlaridan Rostning boshlangʻich qismini, uning oʻgʻli Muhammad Rasul Mirzo mazkur maqomning qolgan qismlarini hamda Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq maqomlarining 19-asr oxirida maʼlum boʻlgan cholgʻu (chertim) va ashula (aytim) yoʻllarini yozib olgan. Uning oʻndan ortiq koʻchirilgan nusxalari bizgacha yetib kelgan. 2002-yil topilgan Hazorasp nusxasida yuqorida nomlari keltirilgan maqomlardan tashqari Zihi Nazzora, Qaddim xamligʻi (Urganjiy), Miskin, Rahoviy, Sadri Iroq, Oxyor, Choki giribon deb nomlanuvchi aytim yoʻllaridagi turkum yozib qoldirilgan. Bular “Dutor maqomlari”, yaʼni dutor joʻrligida aytiluvchi mumtoz yoʻllar hisoblanadi. Xorazmlik musiqashunoslar oldindan qad. Sharq nota yozuvi namunalaridan xabardor boʻlganlar. Tanbur chizigʻi ixtiro qilinishidan avval Muhammad Sharif Qanbar Bobo ismli dutorchi — dutor uchun shunday nota yaratishga uringan, ammo oʻng qoʻl xdrakatlarini qogʻozga tushira olmaganligidan bu ish amalga oshmay krlgan. Shuningdek, Tanbur chizigʻida Safiuddin alUrmaviy nota jadvalidagi oʻxshash unsur (element)lar mavjud. Tanbur chizigʻining tiklanishi, tadqiq qilinishi, zamonaviy nota yozuviga koʻchirilishiga V. Belyayev, V. Uspenskiy, T.Sodikrv, M.Yusupov, Il. Akbarov, keyinchalik bu ishning rivojiga va bevosita ijro qilinishiga (amalda sadolantirilishiga) O.Bobonazarov, alXorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti oʻqituvchilari B.Rahimov, R.Boltayev, M.Matyoqubov, S.Xudoyberganov va boshqa hissa qoʻshganlar.

Adabiyot

tahrir
  • Bekchon M., Devonzoda M.Yu., Xorazm musiqiy tarixchasi, 2-nashri, T., 1998; Rajabov I., Maqomlar masalasiga doir, T., 1963; Matyoqubov O., Maqomat, T., 2004.

Botir Matyoqubov.