Tanjer (arab.Tanja) — Marokashning shim. qismidagi shahar, Gibraltar boʻgʻozi sohilidagi port. Tanjer provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 525 ming kishidan ziyod (1990y.lar oxiri). Shim. Marokashning savdotransport va tranzit markazi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Chetga sitrus mevalar, sabzavot, baliq va meva konservalari chiqariladi. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, sement sanoati korxonalari mavjud.

T.ga mil. av. 2ming yillik oxirida finikiyaliklar tomonidan asos solingan. Mil. av. 1 a.dan boshlab Rim xukmronligi ostida boʻlgan. 5-asrda vandallar, 6-asrda Vizantiya egallagan. 8-asr boshlaridan arablar qoʻl ostiga utgan. Mamlakat shim. qismining muhim iqtisodiy va madaniy markazlaridan. 1471 yilda Portugaliya, 1661 yilda Angliya hukmronligi ostiga oʻtgan. 1684 yildan Marokash tarkibida boʻlib, Marokashning boʻlinib ketishi natijasida maxsus rejimdagi zona qilib ajratilgan. Marokash mustakillikka erishgach (1956), yana uning tarkibiga kirdi.