Tanob
Tanob (arab. — chilvir, arqon) — 1) Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududida qoʻllangan uzunlik oʻlchov birligi. 17-asrda qiymati 39,9 m ga teng boʻlgan; 2) Oʻrta Osiyo xonliklarida tomonlari 60 gaz dan iborat boʻlgan maydonga teng, yaʼni ekin maydonini oʻlchash uchun qoʻllangan yuza birligi. 1 T. 60x60 kv. gaz =3600 kv. gaz =0,08194 ga=900 kv. m (1 ga=12 tanob); 3) uzunlik oʻlchash, yer oʻlchash, chiziq tortish va shu kabi da ishlatiladigan uzun chilvir, reja ip, uzun arkrn; 4) naqshga shakl beruvchi va naqsh mujassamotining asosini tashkil etuvchi chiziq; tabiatdagi anhor hamda yoʻlning shartli tasviri. Naqsh mujassamotida T. turlicha koʻrinishga ega: uzluksiz davom etishi, baʼzan 2 nuqtadan boshlanib, bir-biriga qarab yoʻnalishi va bir-biriga chirmashib ketishi, baʼzan bir nuqtadan boshlanib, 2 tomonga yoʻnalishi va taqsim chetiga borib tugallanishi mumkin. Naqsh mujassamotida T. 2 ta boʻlsa, ular har xil rangga boʻyaladi, biri bosh T., boshkasi yordamchi T. hisoblanadi. T. 2 ta paratlel chizikdan tuzilsa, "kush T." deb ataladi. Naksh mujassamotida T. birinchi oʻrinda turadi, shuning uchun ish avvalo T.ni chizib olishdan boshlanadi, soʻng novdalar, novdalar yoʻnalishiga moslab gul, barg, kurtaklar shunday joylashtiriladiki, ular hech qachon T.ning ustidan kesib oʻtmasligi kerak. T. shuningdek, zamin ranglarini xam bir-biridan ajratib turadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |