Tanosub

sheʻr baytlarida bir-biriga bogʻliq va bir-biriga yaqin tushunchalarni anglatuvchi soʻzlarni qoʻllash sanʻati

Tanosub - sheʻr baytlarida bir-biriga bogʻliq va bir-biriga yaqin tushunchalarni anglatuvchi soʻzlarni qoʻllash sanʻati. Biror narsani oʻylaganimizda koʻz oldimizga uning belgilari, xususiyatlari keladi. Masalan, quyosh haqida gap ketganda, avvalo, uning nur sochishini xayolga keltiramiz, yuz deganda uning bilan bevosita bogʻliq koʻz, qosh, lab, ogʻiz kabilar xayolda jonlanadi. Bir manzarani shular yordamidagina toʻlaroq tasavvur qilamiz. Sheʻriyatda ham shunday. Shoir biror hodisani tasvirlar ekan, maʻno jihatidan unga yaqin soʻzlarni ishlatadi va bu uning yorqinroq, ishonchliroq tasvirlanishiga yordam beradi. Misol uchun quyidagi baytni keltirish mumkin:

                               Chaqilgʻoch barqi ishqi jovidoniy,
                               Yetishgach bir sharar kul aylar oni.

Barq (chaqmoq), sharar (uchqun), kul bir-biriga bogʻliq, biri ikkinchisini taqozo qiluvchi tushunchalar. Undan oldindi baytda harorat, xas, oʻt soʻzlari kelgan edi. Yaʻni majoziy ishq oshiqni gʻamga soladi, ishq harorati uning tanini qovjiratib xashakka aylantiradi. Shunda ilohiy ishq chaqmogʻi chaqiladi-yu, undan tushgan uchqun oshiq tanini yondirib, kul qiladi. Bu yerdagi maʻnodosh soʻzlar oʻzining ichki tartibiga ham ega. Yana boshqa misollar:

                               Zuljing cheriki jamol mulkin
                               Oldi koʻzung ittifoqi birla. (Atoiy)

                        Uzun sochingdin uzmasmen koʻngulni,
                        Ayoqing qanda boʻlsa boshim anda. (Atoiy)