Taqsimot (matematikada) — ehtimollar nazariyasi va matematik statistikaning asosiy tushunchalaridan biri. Ehtimollar nazariyasi va matematik statistikaning aniq masalalarida uchraydigan T., odatda, diskret, yaʼni alohida ehtimolliklar bilan aniklanadi (mas., binomial, geometrik, polinomial va Puasson taqsimotlari) yoki zichlik funksiyalari bilan aniklanuvchi absolyut uzluksiz tipdagi (mas., normal, koʻrsatkichli, tekis) taqsimotlardir. Baʼzi taqsimotlar tasodifiy miqdorlarni funksional almashtirish natijasida hosil boʻlgan tasodifiy miqdorlarning aniq yoki asimptotik (limit) taqsimoti sifatida ham hosil qilinishi mumkin. Bunday taqsimotlar (xmkvadrat taqsimot, Styudent taqsimoti, Fisherning Ftaqsimoti) odatda, matematik statistikada keng qoʻllanadi. Tabiat, jamiyat, iqtisodiyot va shu kabi sohalarda uchraydigan tasodifiy jarayonlarni ifodalashda hosil boʻluvchi T.lar, odatda, nomaʼlum boʻlib, ular oʻrniga statistik analoglari — empirik T. qoʻllanadi. Bu T.lar tasodifiy miqdorlarning sonli xarakteristikalarini (matematik kutilma, dispersiya, korrelyatsiya) taqribiy aniqlash (statistik baholash)da va statistik gipotezalarni tekshirishda keng qoʻllanadi.