Taraqqiyot

oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga harakat

Taraqqiyot — rivojlanishning oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga yoʻnalgan shakli, uning yuksalishi. Adabiyotlarda taraqqiyotni koʻpincha rivojlanish bilan aynanlashtirib koʻyishadi, aslida u rivojlanish falsafasining bir yoʻnalishidir. Shuningdek, taraqqiyotni ayrim adabiyotlarda faqat jamiyatdagi ijtimoiy rivojlanish maʼnosida qoʻllashadi, bu ham bir yoqlama yondashuvdir. Taraqqiyot falsafiy adabiyotlarda progressiv rivojlanish tarzida qoʻllanadi. Odatda rivojlanishning 2 muhim yoʻnalishi boʻlib, biri taraqqiyot (progressiv rivojlanish), ikkinchisi inqiroz (regressiv rivojlanish) hisoblanadi. Taraqqiyotni faqatgina jamiyatga qoʻllashning xato jihati shundaki, jamiyatdan tashqaridagi sistemalarda ham yuksalish roʻy beradi. Masalan, muayyan tirik organizmlarning taraqqiyoti, bemordagi kasallikning taraqqiyoti, kimyoviy jarayonning taraqqiyoti va boshqalar. Taraqqiyot nisbiydir. Rivojlanish bir sistema uchun taraqqiyot, boshqa sistema uchun regress boʻlishi mumkin. Masalan, kasallikning rivojlanishi, kasallikni vujudga keltiruvchi viruslar uchun taraqqiyot boʻlsa, bemor organizmi uchun inqiroz (regress) dir. Har qanday sistema oʻzining rivojlanishi mobaynida taraqqiyotni ham, inqirozni ham boshidan kechiradi. Sistemaning ravnaq topishi taraqqiyotni anglatsa, uning yemirilishi esa inqirozni anglatadi. Taraqqiyot jonsiz, anorganik tabiatga ham, jonli, organik tabiatga ham, jamiyatga, inson tafakkuriga, ruhiyatiga ham xos boʻlgan tabiiy va zaruriy jarayondir. Taraqqiyot mikro, makro, megadunyoda ham sodir boʻladi. Taraqqiyot tufayli olamda mukammallashish, yuksalish roʻy beradi, u vujudga kelish, murakkablashish, ulgʻayish, yangilanish, tiklanish, sistema yasalish jarayonlari tarzida amalga oshadi. Taraqqiyot yaxlit jarayondir.