Tavfiq fikrat (1867.24.12 Istanbul —1915.19.8) — turk shoiri, maʼrifatparvar, jurnalist. Istanbuldagi Galatasaroy litseyida oʻqigan. Bir qator oʻquv yurtlarida muallimlik qilgan, sheʼrlar yozgan. "Sarvati funun" ("Fanlar boyligi") majmuasi (1892— 1944)ning yozuv ishlari mudiri (1895—1901). Ilk sheʼriy kitobi — "Rubobi shikasta" ("Siniq soz", 1904). T. F. adabiyotga mumtoz sheʼriyat taʼsirida kirib kelgan, soʻngroq gʻarb adabiyoti yoʻlida sheʼrlar yoza boshlagan. Uning sheʼriyatda yaratgan yangiliklaridan biri — sheʼrdagi eng kichik birlik boʻlgan baytda fikrning yakunlanishi majburiyatini yoʻq qilgan, nasrdagi ifodaning keng imkoniyatlaridan nazmda foydalangan, vazn va qofiyaga alohida eʼtibor bergan. Turkcha bilan aruz orasidagi hamoqanglikni muvofiklashtirishda gʻoyat goʻzal natijalarga erishgan.

T.F. sheʼrlarining mavzusi xilmaxil. "Sarvati funun"dan ketgach, ijtimoiy sanʼat tushunchasi bilan bogʻliq boʻlgan ijtimoiy sheʼrlar yozgan ("Tutun", "Tong otsa", "Erta" va boshqalar). Ularda xalqning mashaqqatli hayotini tasvirlagan. Baʼzi sheʼrlarida esa pandnasihat birinchi oʻringa oʻtadi. "Rubobilaning javobi", "Xoluqning daftari", "Jermin" kabi qator sheʼriy toʻplamlari bor.