Taxmis (arab. — beshtalik qilish, beshtaga yetkazish) — muxammasning bir turi. T. bandlari ham muxammas singari 5 misradan iborat; ular bir shoirgagina tegishli boʻlmay, balki 2 shoirning misralaridan tashkil topadi: dastlabki 3 misra T. yozayotgan shoir qalamiga, keyingi 2 misra esa T. yozilayotgan shoir gʻazaliga mansub boʻladi. T.da xar ikkala shoirning bir bandni tashkil etayotgan misralari mazmun va shakl jihatidan oʻzaro moye boʻlishi talab etiladi. T.ni, odatda, falonchi shoirning gʻazaliga muxammas, deb taʼkidlab yozganlar (faqat bir shoirning misralaridan iborat boʻlgan muxammaslarga baʼzan "taʼbi xud" — oʻziniki, oʻzining taʼbi, deb qushib yozganlar). T. lar shoirga yoqqan gʻazallarga yozilishi sababli birgina gʻazalga bir necha T. qilinishi mumkin. Oʻzbek mumtoz sheʼriyatida Munis, Ogahiy, Muqimiy, Furqatlarning Navoiy, Fuzuliy singari shoirlarning mashhur gʻazallariga yozgan T.lari maʼlum. T. yozish shoirdan katta mahorat talab etadi, chunki T. yaratuvchi shoirlar oʻzidan avval yashab ijod qilgan shoirlarning yetuk gʻazallarini rivojlantirganlar, anʼanalarini davom ettirganlar. T.ning soʻnggi bandida shoirlarning taxalluslari eslatib oʻtiladi. T. nafakat oʻzbek mumtoz adabiyotida uchraydi, balki u hozirgi oʻzbek adabiyotida ham yaratilgan (Habibiy, Sobir Abdulla, Erkin Vohidov va boshqalar).