Taxometr
Taxometr (yunoncha, tachos — tezlik va ... metr)— mashina va mexanizm vallarining aylanish chastotasini (burchak tezligini) oʻlchaydigan asbob. Oʻlchash usuliga qarab, aylanishlar sonini maʼlum vaqt oraligʻida oʻlchaydigan, burchak tezlikni biror fizik kattalikka aylantiradigan va valning aylanish tezligini maʼlum tebranish chastotalariga taqqoslab oʻlchaydigan turlarga boʻlinadi. T.ning markazdan qochma, induksion, elektr, elektron va boshqa xillari bor. Markazdan qochm a T.da val aylanganda burchak tezlikka mutanosib ravishda qoʻzgʻaluvchi massalar siljiydi. Siljish qiymati richagli tizim orqali koʻrsatkichga uzatiladi. Induksion T.da aylanuvchi doimiy magnit oʻlchash tizimining metall stakani (diski) da tokni induksiyalaydi. Doimiy magnit bilan induksiyalangan tok magnit maydonlarining oʻzaro taʼsirida stakan prujina kuchini yengib, magnitning minutdagi aylanishlar soniga mutanosib burchakka buriladi. Taxometrning koʻrsatishi shkaladan hisoblanadi. Elektr taxometri oʻzgarmas yoki oʻzgaruvchan tok generatori (yakori sinaladigan valda aylanadi) va ikkilamchi asboblar — chastota birliklarida graduslarga boʻlingan voltmetr yoki chastotometrdan iborat. Elektron T.ning ishi uzgich kontaktlari ochilganda ishga tushirish tizimining birlamchi zanjirida paydo boʻladigan tok impulslarini magnitoelektrik koʻrsatkichli asbob tokiga aylantirishga asoslangan. Birlamchi zanjiridagi impulslar chastotasi dvigatel valining aylanishiga mutanosib boʻladi. Taxometr avtomobil, aviatsiya spidometrlari va texnikaning boshqa sohalarida qoʻllanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |