Telekommunikatsiya (tele... va kommunikatsiya) — signal, belgi, matn, tasvir, ovoz va boshqa turdagi axborotlarni uzatish, qabul qilish va qayta ishlash tizimlari majmui. Simli, radio, optik yoki boshqa elektromagnit tizimlaridan foydalanib amalga oshiriladi. Bir yoki bir necha turdagi, jumladan, telefon, telegraf, faksimil axborotlar va boshqa hujjatli xabarlarni, kompyuterlararo axborotlar almashinuvi, televizion va radiodasturlarni uzatishga moʻljallangan T.lar texnika vositalari toʻplami T. tarmogʻi deb ataladi.