Televizion sanʼat
Televizion sanʼat - borliq ni televideniye orqali tasvirlovchi sanʼat turi. Televizion sanʼat "badiiy televideniye" ahamiyatini bildiruvchi atama sifatida qoʻllanadi. Sanʼatning boshqa turlari (kino, teatr, adabiyot, tasviriy sanʼat, musiqa va boshqalar) bilan toʻqnash holda yuzaga kelgan. Televizion sanʼat nafakat ularning asosiy tasviriy ifoda vositalarini meros qilib oldi, balki tasvirlanayotgan voqeaga maksimal yaqinlashuv, mahsulotlarni montaj qilish, boshlovchi yoki telekoʻrsatuv qatnashchilarining tomoshabinlarga murojaati, shuningdek, tomoshalarni davriy yoki seriallarga boʻlib koʻrsatishdek oʻziga xos sanʼat yaratdi. Televizion koʻrsatuvlarda maʼlum gʻoya va maqsad koʻzda tutiladi. Bu gʻoyani muayyan voqeahodisa zamirida amalga oshirish uslubiga qarab 2 yirik turga: informatsion (hujjatli) va badiiy televideniyega ajratiladi. Informatsion televideniyedagi turkum koʻrsatuvlarda voqelik hech bir ortiqcha boʻyoqsiz, tomoshabinga asl xrlida yetkaziladi ("Axborot", "Davr", "Yangiliklar" va boshqalar). Badiiy televideniyening mahsulotlari esa badiiy sanʼat va yuksak estetik talablarga javob beroladigan, voqelikni nafis sanʼat vositalari, obrazlar orqali ifoda etuvchi televizion drama va koʻrsatuvlarga asoslanadi (yana qarang Televideniye).
Sabohat Hayitmatova, Feruza Fayziyeva.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |