Temperatura (lot. temperatura — zarur siljish, oʻlchamdorlik, normal holat) — makroskopik tizimning termodinamik muvozanat holatini xarakterlovchi asosiy parametrlardan biri. Termodinamik muvozanat holatida turgan tizimning barcha qismlarining temperaturasi bir xil boʻladi. Agar tizim muvozanat holatdan chiqarilsa, uning issiqroq qismlaridan sovuqroq qismlariga issiqlik uzatilishi natijasida maʼlum vaqtdan soʻng tizimning hamma qismlarida temperaturaning tenglashishi vujudga kelib, termodinamik muvozanat holatiga qaytadi.

Tizim tarkibidagi jismlarni isitish yoki sovitish, yaʼni temperaturasini oʻzgartirish ularning qariyb barcha fizik xossalariga taʼsir qiladi: jismlarning chiziqli oʻlchamlari, elastikligi, elektr oʻtkazuvchanligi va boshqa xossalari oʻzgaradi. Temperaturani oʻlchash uchun bu oʻzgarishlarning istalgan biridan foydalanish mumkin. Temperatura bevosita oʻlchanmaydigan kattalik. U boshqa kattaliklarni oʻlchash orqali aniqlanadi. Masalan, tizimning temperaturasini isitish yoki sovitish natijasida gaz hajmi yoki bosimining oʻzgarishi (suyuqlik, jumladan, simobli termometrlar) oʻtkazgichlarning elektr yurituvchi kuch (E.Yu.K.)lari oʻzgarishi (termoparalar) va boshqa orqali aniqlash mumkin.

Statistik fizikatsa temperatura termodinamik muvozanat holatdagi tizimni tashkil etgan zarralarning oʻrtacha kinetik energiyalarini tavsiflovchi kattalikdir.

Astrofizikada temperatura — muhitning fizik holatini ifodalovchi parametr. Osmon jismlarining temperaturasini baʼzi nazariy farazlarga asoslangan holda ularning nurlanishini oʻrganish yoʻli bilan aniqlanadi.

Temperaturaning quyidagi xillari mavjud: yulduz (yoki boshqa obʼyektning, masalan, Quyosh toji) ning effektiv temperaturasi — yulduz oʻlchamiga teng va yulduz tarqatayotgan toʻliq nurlanishni chiqara oladigan mutlak qora jism.

Ravshanlik temperaturasi — berilgan yoʻnalishda kuzatilayotgan muayyan toʻlqin uzunlikdagi nurlanish intensivligiga teng nurlanish chiqara oladigan mutlaq qora jism.

Spektrofotometrik temperatura — kuzatilayotgan spektral sohadagi nurlanish intensivligining nisbiy taqsimlanishiga yaqin nurlanish chiqara oladigan mutlaq qora jism.

Spektrometrik temperatura — spektrning turli sohalarida turlicha boʻlishi mumkin.

Gʻalayonlash temperaturasi — atomlarning gʻalayonlash holatlari boʻyicha taqsimlanishini ifodalovchi parametr. Ionlanganlik temperaturasi — spektral chiziqlarning nisbiy intensivligi boʻyicha aniqlanuvchi va moddaning ionlanganlik darajasini belgilovchi parametr.