Terek daryosi boʻyidagi jang (1395-yil, 15—17-aprel) — Amir Temur va Dashti Qipchoq hukmdori Toʻxtamishxon qoʻshinlari oʻrtasida Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosi boʻyida, Noʻgʻay dashtida sodir boʻlgan jang.


15-aprel chorshanba kuni qaramaqarshi tomon qoʻshinlari (taxminan 450—500 ming) jangovar bayroq va tugʻlarini kutarib, takbir nidosini aytib bir-biriga yuzlanadi. Jang muqaddimasi Kuncha oʻgʻlon, Bek Yorliq oʻgʻlon, Oqtau, Dovud soʻfi va Udurqu qoʻmondonligidagi Toʻxtamishxon qismlarining Sohibqiron qoʻshini juvangʻariga qattiq hujumi bilan boshlangan. Soʻl qanotning qoʻqqisdan berilgan zarba oqibatida ogʻir ahvolga tushib qolganligini koʻrgan Amir Temur markaziy qoʻldagi 27 sara qismdan koʻmak ajratadi. Yordamga oʻz vaqtida yetib kelgan askarlar dushman shiddatini qaytarib, qarshi hujumga oʻtadi va gʻanimni qochishga majbur etadi. Qochayotganlarni taʼqib qilishga berilib ketgan anchagina suvoriylar janggoxdan uzoqlashib ketadi. Temuriy jangchilarning yoʻl qoʻygan taktik ehtiyotsizligi natijasida vujudga kelgan qulay vaziyatdan foydalangan Toʻxtamishxon oʻz askariy saflarini qayta tartibga solib, taʼqibchilarga zoʻr beradi va ularni toʻzitib yuboradi. Kutilmaganda Sohibqiron qoʻl ostida turgan qismlar dushman iskanjasiga tushib, Amir Temurning hayoti xavf ostida qoladi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning tasvirlashicha, Sohibqironga birinchi boʻlib koʻmakka yetib kelgan amir Shayx Nuriddin rahbarligidagi otliqlar zudlik bilan otdan tushib, yopirilib kelayotgan xon askarlarini yoylardan tinmay otilayotgan oʻqlar bilan toʻxtatadi. Muhammad Ozod, Alishox. va Toʻkal bavurchi kabi beklar aravalarni bir-biriga bogʻlab fob yasaydilar. Sohibqiron shu aravalar, ular ustiga qoʻyilgan tura (qalqon) va chapar (chetan) panohida boʻladi. Aylana mudofaada qolgan Sohibqironga Allohdod, Jaku, Husayn Malik qavchin boshliq boʻlimlar yordamga keladi. Ammo, Toʻxtamishxon qoʻshinining hamlasi borgan sari kuchayadi. Asosiy qoʻldan koʻmakka tashlangan Muhammad Sulton Mirzo hamda Ustaybek qoʻmondonligidagi qismlarning jangga kirishi, amir Jahonshoh va amir Hoji Sayfuddin qoʻl ostidagi jangchilarning pistirmadan turib Dashti Qipchoq armiyasi soʻl qoʻliga kuchli zarba berishi vaziyatning maʼlum darajada oʻnglanishiga sabab boʻladi.

Jangning 2 kuni yana Toʻxtamishxon qoʻshinining hujumi bilan boshlanadi. Xon Isabiy va Baxshi Hoji qismlaridan iborat juvangʻarini muhorabaga tashlaydi. Sohibqironning hirovuli (avangard)ni uloqtirishga erishgan bu qoʻshin qanoti Amir Temur barangʻarida jang qilayotgan amir Hoji Sayfuddin tumanini qurshab oladi va tarqatib yuboradi. Bir qancha askarlarning toʻzgʻib ketishiga qaramay Xoji Sayfuddin qolgan safdoshlari bilan qarshilik koʻrsatishni davom ettiradi. Oʻz qismdoshlarining matonat bilan kurashayotganini koʻrgan askarlar ortga qaytib, ular qatoriga qoʻshiladi. Qiyin ahvodda qrlgan bu tumanga Jahonshoh bahodir, Temur Xoja Oqboʻgʻa va Rustam mirzolar madadga keladi. Kechgacha davom etgan jang hech bir tomonning ustunligisiz toʻxtaydi.

Jangning soʻnggi kuni tagʻin Dashti Qipchoq qoʻshinining shiddatli hujumi bilan boshlanadi. Toʻxtamishxon otliq va piyodani safga tizib, markaz va qanotlarni qoʻshimcha kuchlar bilan mustahkamlab, tashabbusni oʻz qoʻliga olish ilinjida jasur va sara askarlarini jangga kiritadi. Ayni vaqtda xonning ishonchli sarkardalaridan biri Yagʻliboy ham juvangʻar bilan jangga tashlanadi. Amir Temur ushbu dushman juvangʻarining ancha zaiflashib qolganligini bilgan holda asosiy zarbani unga qaratadi. Natijada, Sohibqiron jangchilarining kuchli hujumlariga bardosh berolmay parokanda boʻlgan xon askarlari qochishga tushadi. Yagʻliboy qismlari Usmon bahodir boshchiligidagi barangʻar tomonidan yakson etilib, uloqtirib tashlanadi. Yagʻliboy Usmon baxrdir bilan kechgan yakkamayakka olishuvda halok boʻladi. Nihoyat, Sohibqiron butun jang maydoni boʻylab hal qiluvchi hujumga oʻtadi. 3 kun davom etgan shafqatsiz olishuv tufayli tinkasi qurigan Dashti Qipchoq armiyasi qarshilikni bas qiladi va uzilkesil magʻlubiyatga uchraydi.

Adabiyotlar

tahrir
  • Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma. T., 1966; Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997; Grekov B. D., Yakubovskiy A. Yu., Oltin Oʻrda va uning qulashi, T., 1956; Dadaboyev H., Amir Temurning harbiy mahorati. T., 1996.