Teylorizm — ishlab chiqarishni boshqarish, mehnatni tashkil etish va moddiy ragʻbatlantirish hamda biznes samaradorligi nazariyasi; amerika menejment nazariyasining bir yoʻnalishi. XIX asr oxiri — XX asr boshlarida AQSH muhandisi va olimi F.U. Teylor (1856—1915) tomonidan ishlab chiqilgan. Teylor mehnatni ratsional tashkil etish qonuniyatlariga asoslangan qatʼiy ilmiy bilimlar tizimini taklif etdi. Uning tashkiliy unsurlari: tannarxni hisoblashning matematik usuli; mehnatga haq toʻlashning tabaqalashgan tizimi; vaqtni va mehnat harakatlarini oʻrganish usuli (xronometraj); mehnat jarayonini qismlarga boʻlish va ratsionalizatsiyalash; funksinal maʼmuriyat; instruksion kartochkalar va boshqa (keyinchalik ular amerikacha "ilmiy menejment" tarkibiga kirdi). Teylorning fikricha, ishlab chiqarish.ning samaradorligini oshirishga faqatgina mehnat jarayonini, usullarini, asboblarini standart lashtirib erishish mumkin. Ishchilar oʻz vazifalarini mutlaqo mexanik tarzda bajarishlari lozim, ishlab chiqarish. boshqaruvi esa yetarli bilim va malakaga ega boʻlgan tashabbuskor maʼmuriyat tomonidan amalga oshirilishi kerak. Teylor moddiy manfaatdorlik tamoyilini oʻz nazariyasiga asos qilib oldi, yaʼni ish haqi yordamida ishchi mehnatini maksimal ravishda intensivlashtirish mumkin, degan fikrni olgʻa surdi. Teylor ijtimoiyfalsafiy konsepsiyasining markaziy tamoyiliga koʻra ish haqi oxiroqibat ishchining ishlab chiqarish.ga qoʻshgan hissasiga moye boʻlishi hamda ishlab chiqarish.ni kengaytirishga olib kelishi lozim. Oʻz konsepsiyasini ishlab chiqarish.da Teylor tadqiqot oʻtkazishning aniq usullari — intervyu, anketa, kuzatish usullaridan foydalandi.

Teylorizm asosida 4 ta ilmiy tamoyil (boshqaruv qonunlari) yotadi: eski, oʻta amaliy ish uslubini, mehnat faoliyatining har bir alohida turini ilmiy boshqaruv uslubiga almashtirish; ishchi va menejerlarni ilmiy mezonlar asosida professional tanlash; mehnat jarayonini ilmiy tashkil etish masalalari boʻyicha maʼmuriyatning ishchilar bilan hamkorligi; ishchilar va menejerlar oʻrtasida masʼuliyatning tekis va adolatli taqsimlanishi.

Teylorizm tamoyillari dastlab AQShda, soʻngra Buyuk Britaniyada mehnatni tashkil etish tarzida amaliyotga joriy qilingan. T. keyinchalik amerikacha menejment falsafasining asosiy manbalaridan biriga aylandi.

Adabiyot

tahrir
  • Teylor F.U., Nauchnaya organizatsiya truda, 2 izd., M., 1925; Uoll N., Markuze Ya.,Laynz D., Martin B., Ekonomika i biznes, per. s angl. M., 1999.

Farhod Akbarov.