Tikuvchilik
Tikuvchilik — kasb-hunar turi; kiyim-kechak: koʻrpa-toʻshak va boshqa buyumlarni tikish kasbi. Tikuvchilik vositalari, material va texnikasi turli davrlarda turli xalqlarning moddiy va madaniy saviyasi, iqlim sharoiti, ehtiyoj va imkoniyatlari, urf-odatlari zaminida taraqqiy etgan (qarang Kiyim). Arxeologik qazishlar natijasida jaxonning turli mamlakatlari hududidan topilgan tikuvchilik vositalari, kiyim-kechak va uy-roʻzgʻor buyumlari bu kasbning barcha xalqlarda qadimdan mavjudligi, oʻziga xos taraqqiyot bosqichlarini oʻtaganligini koʻrsatadi. Tikuvchilik buyumlari dehqonchilik bilan shugʻullanadigan xalqlarda koʻproq oʻsimlik tolalaridan toʻqilgan gazlamalardan, chorvador xalqlarda aksariyat jun gazlama va teridan tikilgan.
19-asrgacha barcha xalqlarda, jumladan, Oʻrta Osiyo xalqlarida ham tikuvchilik ishlari qoʻlda bajarilgan. Baʼzi sohalarda bu kasb namunalari yuksak sanʼat darajasiga koʻtarilgan (mas., gulkoʻrpa, zarbof toʻn, choyshab, jiyak va hokazo). Turli davrlarda tikuvchilikdan mustaqil kasb sifatida etikdoʻzlik, mahsidoʻzlik, poʻstindoʻzlik, doʻppidoʻzlik, kashtadoʻzlik, gilamchilik va boshqa koʻplab kasb turlari ajralib chiqqan. 19-asr 2-yarmidan Yevropa mamlakatlarida tikuvchilikda maxsus tikuv mashinalari keng qoʻllanila boshladi, keyin boshqa hududlarga, shu jumladan, Oʻzbekistonga ham tarqaldi (qarang Tikuv mashinasi). Tikuvchilik taraqqiyotining hamma davrlarida bichiqchilik uning ajralmas qismi boʻlgan. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda tikuvchilik hunarmandchilikdan yengil sanoatning yirik tarmogʻiga aylandi. Zamonaviy texnika bilan uskunalangan korxonalar tashkil etildi, mahalliy tikuvchi, kosib va boshqa hunarmandlar tikuvchilikning yangi texnikasini oʻzlashtirdilar (qarang Yengil sanoat).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |