Tirik qolish buyurilgan
Tirik qolish buyurilgan – Yulian Semyonovning sovet razvedkachisi Shtirlits, yaʼni Maksim Maksimovich Isayevning faoliyatiga bagʻishlangan turkum romanlaridan biri. 1982-yilda yozilgan. Kitob „Bahorning oʻn yetti lahzasi“ kitobining bevosita davomi hisoblanadi, unda Shtirlitsning Berlinga qaytishi, u yerda Gestapo boshligʻi Myuller tomonidan fosh qilinishi hamda faqatgina Berlinning egallanishi razvetkachining hayotini saqlab qolishi hikoya qilinadi.
Muallif(lar) | Yulian Semyonov |
---|---|
Tarjimon(lar) | Abdulvoris Abdumajidov[1] |
Mamlakat | Rossiya |
Til | ruscha |
Janr(lar)i | roman |
Nashr etilgan sanasi | 1982 |
Nashriyot | Yangi asr avlodi / Kamalak |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2019 |
Sahifalar soni | 384 |
ISBN | 978-9943-27-775-5 |
Roman voqealari asosida 1984-yil radiospektakl yaratilgan[2].
Syujeti
tahrir"Bahorning oʻn yetti lahzasi" kitobida tasvirlangan voqealardan soʻng, Shtirlits Berlinga qaytadi. U hibsga olinishiga deyarli ishonch hosil qiladi, lekin baribir buning uchun boradi. Myuller Shtirlits ruslar uchun ishlayotganini anglaydi va u orqali Moskvaga keng miqyosli dezinformatsiya yetkazishga qaror qiladi. Ushbu operatsiyaning muvaffaqiyati Gʻarb ittifoqchilari uchun katta sharaf boʻlishi va ularning toʻliq kechirilishini taʼminlashi kerak boʻladi.
General Gelenning materiallari yordamida Myuller marshallar Konev, Jukov, Govorov, Siyosiy byuro aʼzolari va Sovet Ittifoqining butun elitasiga qarshi soxta ayblov hujjatlarini tuzadi. Myullerning hisob-kitoblariga koʻra, Berlinga hujum paytida Shtirlits ushbu hujjatlarni olib, oʻz xalqiga qochishga harakat qiladi. Bundan tashqari, Myuller Shvetsiya fuqarosi Dagmar Fraytag va shveysariyalik yahudiy Valter Rubenauni oʻldirishni uyushtiradi; Shtirlits ikkala jinoyatda ham ayblanadi va endi u Sharqdan boshqa joyga qochib qutula olmaydi.
Hammasi reja boʻyicha ketadi. Shtirlits oʻzining atrofida boshlangan oʻyinning maʼnosiga tushunmaydi, lekin (xuddi „Bahorning oʻn yetti lahzasi“dagi kabi) Myuller va Bormanga qarama-qarshi oʻynashga harakat qiladi. Ammo endi Borman ittifoqchilar bilan muzokara oʻtkazishga qarshi boʻlmaydi. Ayni paytda Myuller Yuqori Avstriyaning fanatik gaulyayteri Aygruberdan Kaltenbrunnerning villasi oldida dushman peredatchigi ishlayotgani haqida maʼlumot olib, Shtirlitsni Linsga yuboradi.
Shtirlits u yerga Myullerning uchta Gestapo zobiti hamrohligida boradi, u amalda hibsga olingan edi. Shtirlits u yerda amerikaliklar tomonidan yollangan shturmbannfyurer Xetl peredatchik ustida ishlayotganini aniqlaydi. Xetlni oshkor qilmaslik evaziga Shtirlits undan Shveysariyadagi ruslar uchun bitta xabar yetkazishni soʻraydi. Amerikaliklar xabarni qabul qilishadi, ammo Dalles bilan uchrashuvdan soʻng ular ruslarga yordam bermaslikka va shifrlashni Shtirlits koʻrsatgan manzilga oʻtkazmaslikka qaror qilishadi. Hech qanday javob olmagan Shtirlits Xetlga umidsiz rejani taklif qiladi: ikkalasi barcha xavfsizlikni yoʻq qiladi va villadan togʻlarga qochib ketadi. Ammo Xetl buning oʻrniga Kaltenbrunnerga qoʻngʻiroq qiladi („jamoa iz ortidan bormoqda“). Kaltenbrunner darhol Myullerdan „radistni qidirayotgan guruhni“ villadan chaqirib olishni soʻraydi. Myuller Kaltenbrunner allaqachon Gʻarb bilan yashirin muzokaralar olib borayotganini tushunib, rozi boʻladi. Xetl esa Dallesning buyrugʻini ham bajarayotgan edi – muzokaralarga aralashgan shaxsni villadan olib tashlash.
Shtirlits Berlinga qaytariladi, bu yerda koʻcha janglari ketayotgan edi. Uni hibsda saqlash tartibi kuchaytiriladi, kaltaklanadi va kishanlanadi; qoʻshni xonada mashinistka sovet harbiy rahbariyatiga ovozli kompromatni yozayotganini eshitadi. Sovet qoʻshinlari bir necha kilometr uzoqlikda boʻlganida, Myuller sobiq jinoyatchi Yozef Rua yordamida Shtirlits hojatxonada boʻladigan paytni moʻljallab binoda portlash uyushtiradi. Undan boshqa binodagi barcha halok boʻladi. Shtirlits kontuziyaga uchraydi, lekin soxta hujjatlar solingan portfelni olib ketadi. U oʻzinikilarni izlaydi, ammo uni koʻchada koʻrgan birinchi sovet askari uni otadi. Oʻsmir folkshturmist askarni oʻldiradi. Shundan keyin ogʻir yaralangan Shtirlitsni yer toʻlaga sudrab boradi. Shtirlits hujjatli portfelni tushirib yuboradi; portfel sovet tanklari ostida majaqlanib ketadi. Shtirlitsning shtandartenfyurer nishonini koʻrgan nemislar uni qutqarib qoladi. Oʻziga kelgach, u Italiyaga evakuatsiya qilinganini va u yerda ODESSA boshpanasida jarohatlar tufayli toʻshakka mixlanganini aniqlaydi. Faqat yana yurishni oʻrgangach, u Stokgolmga maktub yuboradi, ammo bu holat 1945-yilning oktyabr oyida sodir boʻladi. Bu vaqtga kelib urush tugagan va shu tufayli sovet razvedkasining Stokgolmdagi faoliyati ham tugagan edi. Oʻzinikilar bilan bogʻlanishning zarra imkoni qolmagach, u Ispaniyaning Madrid shahrida yashovchi doktor Maks Brunnga aylanadi.
Kitobda, shuningdek, Shtirlits bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kesishmaydigan, lekin Gitlerning oʻz joniga qasd qilishi (kitobga koʻra, u Bormann tomonidan oʻldirilgan), Bormanning gʻoyib boʻlishi (kitobga koʻra, qiyofadoshi marhumlar guruhi bilan birga Berlindan chiqib ketgan), xazinalari yashiringan shaxtani mina portlashidan qutqarishi, Myullerning oʻgʻlining oʻldirilishi (bu haqiqatda sodir boʻlmagan) kabi bir vaqtning oʻzida bir qator tarixiy voqealarga muallifning badiiy versiyasini koʻrsatuvchi hodisalar ham tasvirlangan[3].
Radiospektakli
tahrir1984-yil roman asosida koʻp seriyali radio koʻrsatuv tayyorlanadi. Rejissor – Emil Vernik; dramatizatsiya muallifi – Sergey Karlov. Spektakl mashhur „Bahorning 17 lahzasi“ televizion filmining radio davomi sifatida yaratilgan: unda Mikael Tariverdiev filmidagi kabi musiqa ijro etilgan va bosh rollarni oʻsha aktyorlar ijro etgan: Vyacheslav Tixonov (Shtirlits), Leonid Bronevoy (Myuller), Oleg Tabakov (Shellenberg). Borman roli Anatoliy Solovyovga tushadi (televizion filmda ayni rolni Yuriy Vizbor ijro etgan). Muallif nomidan matnlarni Mixail Gluzskiy oʻqiydi[4].
Oʻzbekcha tarjimasi
tahrirRoman 1986-yil oʻzbek tiliga tarjima qilinadi[5]. 2019-yil qattiq muqovada Kamalak nashriyoti tomonidan[5], yumshoq muqovada Abdulvoris Abdumajidov tarjimasida Yangi asr avlodi nashriyoti tomonidan[1] nashr qilinadi.
1986-yilgi tarjimadan farqli oʻlaroq 2019-yilgi tarjimada ruscha va baynalminal soʻzlar oʻzbek tiliga moslangan holda beriladi[5].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 „Tirik qolish buyurilgan“. book.uz. Book.uz. Qaraldi: 17-avgust 2024-yil.
- ↑ „Семёнов Ю. Приказано выжить (радиоспектакль с участием В. Тихонова, Л. Броневого и О. Табакова)“. 2012-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 28-iyun.
- ↑ Semyonov Yu. S. Prikazano vijit: Roman. – M.: Voenizdat, 1984. – 367 s.
- ↑ „Семёнов Ю. Приказано выжить. — (В. Тихонов, Л. Броневой, М. Глузский, музыка М. Таривердиева, режиссёр Э. Верник, 1984)“ (ru). Старое радио. 2019-yil 9-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 9-fevral.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 „Tirik qolish buyurilgan“. kitobxon.com. Kitobxon.com. Qaraldi: 17-avgust 2024-yil.