Titsian
Titsian (asli Titsiano Vechellio, Tiziano Vecellio) (1476/77 yoki 1480-yillar, PyevediKadore, Venetsiya — 1576.27.8, Venetsiya) — italyan rassomi, Uygʻonish davri Venetsiya maktabining eng yirik namoyandasi. Oʻsmirlik davridan Venetsiyada. Jovanni Bellini ustaxonasida taʼlim olgan. Jorjone bilan yaqin boʻlgan, unga Venetsiyadagi binolarni devoriy rasmlar bilan bezashda yordam bergan (parchalari sakdangan). Asosan Venetsiyada, shuningdek, Paduya (1506), Mantuya (1536—37), Ferrara (1516— 23), Urbino (154244), Rim (154546) va Augsberg (1548,1550—51)da ishlagan. T. ijodida Uygʻonish davrining insonparvarlik gʻoyalari aks ettirilgan boʻlib, unint hayotbaxsh sanʼati serqirra, hayot voqealarini keng qamrovli qilib olishi, davrning dramatik voqealarini teran ochib berishi bilan ajralib turadi. Ilk asarlarida Jorjonening taʼsiri seziladi ("Iso va gunohkor ayol", "Iso va Magdalina", 1510-yillar boshi va boshqalar). 1510-yillar oʻrtalaridan Rafael va Mikelanjelo ijodini oʻrganganidan soʻng oʻzining mustaqil uslubini ishlab chikdi: sokin va shodon obrazlari hayotbaxsh tuygʻularning yorqinligi, ichki nurlanganligi bilan alohida ahamiyatga ega ("Dunyoviy muhabbat va ilohiy muhabbat", taxminan 1515—16; "Flora", taxminan 1515; "Veneraning bayrami", 1518; "Tobutga qoʻyish", 1520 va boshqalar), diqqatini koʻproq monumental, koʻtarinki ruh va dinamika bilan ishlanadigan kompozitsiyalarga qaratgan ("Maryamning osmonga koʻtarilishi", taxminan 1515—18, SantaMariya Glorioza dei Frari cherkovida va boshqalar). Yakka va guruh portretlarida zamondoshlarini, ulardagi xislatlar (oʻziga ishonch, gʻurur, shubha, ikkiyuzlamachilik, yolgʻon va hokazo)ni oʻta sinchkovlik bilan tasvirlaydi, tasvirlanayotganlarning munosabatlari mohiyatini, holatdagi dramatizmni ayevsiz fosh qiladi, har bir obraz uchun oʻziga xos qiyofa, kiyim, holat, kompozitsiya, zamin tanlaydi: "Ippolito Medichi" (1532—33), "La bella" (taxminan 1536), "Papa Pavel III Alessandro va Ottavio Farneze bilan birga" (1545— 46), "Karl V" (1548) va boshqa
16-asr oʻrtalaridan T. ijodining soʻnggi davri boshlandi, bu davrda u rangtasvirda mahorat choʻqqisiga koʻtarildi, mifologik va liniy mavzular talqinida ham chuqur teranlikka erishdi: "Danaya" (1554), "Venera va Adonis" (1554), "Yevropaning oʻgʻirlanishi" (taxminan 1559), "Tobutga qoʻyish" (1559), "Tavba qilayotgan Mariya Magdalina" (1560-yillar), "Avliyo Sebastyan", "Isoga motam" (1573—76) va boshqa T. koʻplab dadil rangtasvir usuli bilan ajralib turuvchi rasmlar yaratgan, shakl va manzaralar ularda yengil, aniq, mayin nursoya keskinligida bajarilgan. T. rangtasvirda yaratgan erkin ishlash usuli jahon rangtasvirining keyingi taraqqiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan. Turli davrlarda turli mamlakatlar rassomlari T. ijodiga muntazam murojaat qildilar, asarlarini sinchiklab oʻrgandilar (Veroneze, Tintoretto, N. Pussen, P. Rubens, D. Velaskes, Rembrandt, E. Delakrua, E. Mane va boshqalar).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |