Toʻlin suv davri — daryo suvining har yili bir mavsumda takrorlanib turadigan koʻpayishi va sathining koʻtarilishi. Bu davrda daryolar yillik suvining 60—80% oqib oʻtadi. Daryolarning toʻyinish manbalariga qarab, Toʻlin suv davri bahor va yozda boʻladi. Bahorgi Toʻlin suv davri mavsumiy qor suvlaridan toʻyinadigan tekislik daryolari bn uncha baland boʻlmagan togʻlardagi daryolarda (Qoradaryo, Qashqadaryo, Ohangaron va boshqalar) kuzatiladi. Yozgi Toʻlin suv davri baland togʻlardagi mangu qor va muzliklar suvidan toʻyinadigan daryolar (Zarafshon, Shohimardon, Soʻx, Isfara va boshqalar) bn musson yomgʻirlari hisobiga toʻyinadigan daryolarda kuzatiladi. Toʻlin suv davri kichikroq daryolarda 1,5—2 oy, yirik daryolarda 3—4 oy davom etadi.