Toʻquvchilik - tabiiy (paxta, jun, ipak, zigʻir, kanop va hokazo) va sunʼiy tolalardan gazlama va boshqa toʻqimachilik mahsulotlari olish jarayonlari majmui; hunarmandchilikning bir turi, kasb. Dastlab (neolit va ibtidoiy jamoa davrida) yigirish va toʻqishga doir ishlar qoʻlda bajarilgan. Keyin urchuqlar, dastaki toʻquv dastgohlari paydo boʻlgan. Chigit ekib, paxtadan ip gazlama olish Oʻrta Osiyoda milodning boshidayoq tarqalgan. Lekin i.ch. texnikasi nihoyatda sekinlik bn oʻsgani uchun yigirish va toʻqish qoʻlda bajarilgan. Keyinchalik yogochdan yasalgan dastaki T. dastgohi (doʻkon) paydo boʻlgan. T.ni mexanizatsiyalashga urinish 16—18-asrlarga toʻgʻri keladi. Ingliz ixtirochisi J. Keyning 1733-yilda ixtiro qilgan "oʻziuchar" moki T.da katta ahamiyatga ega boʻddi. 18-asr oxirida Buyuk Britaniyada E. Kartrayt mexanik toʻquv stanogini ixtiro kildi. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida mokisi avtomatik tarzda almashtiriladigan T. stanoklari paydo boʻldi.

Dastlab, ip yigirish, gazlama toʻqish, pardozlash ishlari yakka tartibda bajarilgan, keyinchalik (18-asr 2yarmidan) kichikkichik, keyin yirikroq korxonalar paydo boʻlgan.

T. toʻquv stanoklarida korxonalarda bajariladi. Toʻqimagazlama ishlab chiqaradigan korxona toʻquv fabrikasi deyiladi. Toʻquv fabrikasining yonida ip yigiruv fabrikasi va toʻqimaga gul bosadigan fabrika ham boʻlsa, korxona T. kombinata deyiladi. T.ning asosiy xom ashyosi paxta (va boshqa tabiiy tolalar) hisoblanib, kimyoviy tolalardan ham keng foydalaniladi. Gazlama toʻqishning texnologik jarayoniga kura, T. tayyorgarlik, toʻqish va yakunlovchi operatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Tayyorgarlikda tolalarni aralashtirib, yigirib har xil ip olinadi. Ip tayyorlash tartibi quyidagi ketma-ketlikdan iborat: tanda ipini qayta oʻrash, tandalash, ohorlash, tanda ipini oʻtkazish; arqoq ipini qayta oʻrash, namlash yoki emulsiyalash, tanda ipini qayta oʻrash naychalaridagi ipni bobinaga yoki flanetsli gʻaltaklarga oʻrashdan iborat. Tandalashda bobinadagi tanda iplari tanda vallariga parallellab oʻraladi. Bu operatsiya tanda mashinalarida bajariladi. Tanda ipining pishiqligini oshirish uchun ular ohorlanadi (qarang Ohorlash). Tanda ipini remizalar koʻzi va berdo plastinkalari orasidan oʻtkazish ("proborka") maxsus stanoklarda bajariladi.

Arqoq ipi yigiruv fabrikalarida toʻquv stanogining mokisiga tushadigan naychalarda ishlab chiqariladi, shuning uchun u maxsus tayyorlash operatsiyasidan oʻtkazilmaydi. Arqoq ipining elastik va silliq boʻlishi hamda halqa (tugun) hosil qilmasligi uchun uni namlash yoki emulsiyalash lozim. Shu tariqa tayyorlangan tanda va arqoq iplaridan toʻquv stanogida turlicha oʻrilish usullarida gazlama toʻqiladi. Toʻqish jarayonida tanda iplariga arqoq iplariga nisbatan toʻquv stanogi ish organlari kuchliroq taʼsir qiladi. Shuning uchun tanda iplari sifatliroq xom ashyodan tayyorlanadi, aks holda toʻqish jarayonida tanda ipi uzilaverib, ish surʼati va gazlama sifatiga taʼsir qiladi. Yakunlovchi operatsiyalar tayyor gazlamani oʻlchash (maxsus mashinalarda), tuklarini qirqish va tozalash, sifatini tekshirish va taxlash mashinalarida taxlash ishlarini oʻz ichiga oladi. Yakunlovchi operatsiyalarning barchasi potok liniyalarda bajariladi. Keyin gazlama pardozlash, gul bosish (zarur boʻlsa) jarayonlaridan oʻtkaziladi.