Togʻchi
Togʻchi, toqchi, toxchi — Janubiy Oʻzbekistonning qadimgi, tub (avtoxton) turkiy qavmlaridan biri. Toqchilar soʻzi "togʻlik" maʼnosini anglatadi. Ular baʼzan oʻzlarini Dashti Qipchoq oʻzbek qatagʻonlariga ham mansub deb biladilar. Lekin Toqchilar larning ajdodlari Janubiy Oʻzbekiston hududida Dashti Qipchoq oʻzbeklari kelishidan ham burun yashashgan. Ular togʻlarda istiqomat qilganliklari sababli Toqchilar deb atalgan. Toqchilar, asosan, Surxondaryo vohasida yashab soni jihatidan chigʻatoylar va qoʻngʻirotlardan keyin turishgan. 1924-yilgi maʼlumotlarda Boysun tumani boʻyicha 5605 nafar Toqchi qayd etilgan. Koʻhitang togʻining sharqiy qismida 1190 kishi. Sherobod daryosining oʻrta oqimida 2695 kishi, Sherobod daryoning yuqori qismida 665 kishi, Surxon havzasining oʻng qirgʻoq qismida 1055 Toqchilar istiqomat qilgan. Toqchilarning tashqi qiyofasida mongoloid irqiga xos belgilar kamroq boʻlib, togʻda yashovchi tojiklarga koʻproq oʻxshaydi. Toqchilarning tili oʻzbek tilining qarluq laxjasiga kiradi. Toqchilar tojiklar kabi kichik etnik guruhlarga boʻlinmaydi. Ularda ichki nikohendogamiya anʼanalari juda kuchli saqlangan boʻlib, baʼzan tojik va turklar bilan qiz olib berishgan. Mahalliy qoʻngʻirot, doʻrmon, yuz, laqay kabi qavmlar bilan nikoh aloqalari umuman taqiklangan. Toqchilarning asosiy anʼanaviy mashgʻulotlari chorvachilik (qoʻy,yilqi, echki), dehqonchilik va xunarmandchilikdan iborat boʻlgan.Toqchilar qadimdan milliy sport turlari(kurash, ko‘pkari) bilan faol shug‘ullangan. Toqchilardan yaxshi chavandoz va polvonlar chiqqan.
20-asrning boshlarida sodir boʻlgan iqtisodiy va siyosiy jarayonlar tufayli Toqchilarning koʻpchiligi oʻzbeklar, baʼzi guruxlari esa tojiklar tarkibiga singib ketishgan.
Adabiyot
tahrir- Karmisheva B. X., Ocherki etnicheskoy istorii yujnoʻx rayonov Tadjikistana i Uzbekistana, M., 1976; Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |