Tonzillit (lotincha, tonsilla — murtak bezlari) — murtakning yalligʻlanishi. Oʻtkir (qarang Angina) va surunkali tonzillit farq qilinadi. Surunkali tonzillitga tez-tez angina bilan ogrish, shuningdek, burundan qiynalib nafas olish, burun yondosh boʻshliklarining yalligʻlanishi, chirigan tishlar (qarang Tish chirishi) sabab boʻladi. Bemor tomogʻiga biror narsa qadalgandek sezadi, tomogʻi ogʻriydi, achishadi, baʼzan ogʻriq quloqqa oʻtadi. Surunkali tonzillitda isitma (37,3—37,5° gacha) uzok, (haftalab, hatto oylab) davom etishi, shu bilan birga bemor lanj boʻlib, boshi ogʻrishi, ish qobiliyati pasayishi mumkin. Tonzillitni faqat mutaxassis vrach davolaydi: dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan tomoq chayiladi, murtak kanallari yuviladi, soʻng yodglitserin aralashmasi surtiladi va fizoterapevtik muolajalar buyuriladi. Surunkali tonzillit tez-tez qoʻzib turadi. Kasallikdan yurak va buyrak funksiyalarining buzilishi hamda boʻgʻimlarda ogʻriq paydo boʻlishi kabi asoratlar qolishi mumkin. Bunday asoratlar yuz bermasligi uchun lozim boʻlganda operatsiyalar qilib, murtaklar olib tashlanadi.