Torit
Torit — orolli silikatlar sinfiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi ThSiO4. T.ning turlari: oranjit (toʻq sariq rangli shaffof turi); uranotorit (UO2 10% gacha); torogummit (N2O 15% gacha); ferritorit (Fe2O3 13% gacha); kaltsiotorit va fosfor tarkibli T — auerlit. Undan tashqari, T. tarkibida aralashma sifatida (ThO2 77% gacha), A1, Ti, Mn, U, TR, Fe, Sa, R hamda kamyob yer elementlari mavjud. Tetragonal singoniyada kristallanadi. Odatda, donador agregatlar koʻrinishida boʻladi. Koʻpchilik T.lar metamikt mineral (qarang Metamikt minerallar). Rangi qora, qizgʻishqoʻngʻir, toʻq sariq. Qattiqligi 4,5—5, zichligi 4,1—6,7 g/sm3. Kuchli radioaktiv (qarang Radioaktiv minerallar). T. shaffof, anizatrop, moʻrt, yogʻdek yaltiraydi. Granitlarda, baʼzan ishqorli togʻ jinslarida, pegmatitlarda va gidrotermal tomirlarda aksessor mineral tarzida uchraydi. T.lar, odatda, katta uyumlar hosil qilmaydi, kassiterit, sirkon bilan birga sochmalardan olinadi. Toriy rudasi (qarang Toriy rudalari). Oʻzbekistonda ChatqolQurama regionining granitoidlarida aksessor mineral holida uchraydi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |