Tormoz (yun. tormos — gʻildirakni aylantirmay qoʻyadigan mix tiqiladigan teshik) — mashina yoki mexanizmning harakat tezligini pasaytirish yoki butunlay toʻxtatish uchun, koʻtarishtashish mashinalarida esa yukni osilgan holatda tutib turish uchun moʻljallangan qurilma. Ishlash usuli boʻyicha mexanik (friksion, ishqalanma), gidravlik (suyuklikli) va elektr (elektromagnit, induksion va boshqalar); tuzilishiga koʻra, kolodkali, tasmali (lentali), disksimon, konussimon va boshqa turlarga boʻlinadi. Mashinalar va mexanizmlar (koʻtarishtashish mashinalari, stanoklarning mexanizmlari, temir yoʻl vagonlari)da tashqi kolodkali, avtomobillarda ichki kolodkali T.lar, qoʻl T.lari ishlatiladi. Bunday T.larda kolodkadan tashqari baraban, sharnir, tortish prujinalari (richag tizimlari) boʻladi. Tasmali T.da kolodkalar oʻrniga barabanni kamrab turuvchi tasma (lenta) ishlatiladi. Bunday T.lar koʻtarishtashish mashinalarining koʻtarish, surish va burish mexanizmlarida qoʻllanadi. Diskli T.larda mexanizm vali bilan birga aylanuvchi disklarning boshqa qoʻzgʻalmas diskka qisilishi tufayli tormozlanish yuz beradi. Bunday T.lar transport mashinalarining turli mexanizmlarida, metall kesish stanoklarida ishlatiladi.

Ogʻir transport mashinalari, mas., yuk avtomobillarida diskkolodkali T.lar ishlatiladi. Bunda tormozlanish disk yon sirtining friksion kolodkalar bilan ishqalanishi xisobiga yuz beradi. Koʻtarish mashinalari, konverterlar, sinov qurilmalari va boshqalarda tezlik (tezlikni cheklash) T.lari ishlatiladi. Bunday T.larning markazdan qochma, dinamik (gidravlik), uyurma (induksion) va boshqa turlari boʻladi. T.larni boshqarish uchun mexanik, gidravlik, pnevmatik, elektrgidravlik, elektrmexanik va boshqa yuritmalardan foydalaniladi. Mas., yengil avtomobillar va koʻtarish kranlarida gidravlik boshqarish tizimi, yuk avtomobillari, avtobuslar, tramvaylar, temir yoʻl poyezdlarida, samolyotlarning shassisida pnevmatik tizim qoʻllanadi.

T.ning elektr yuritmasida maxsus doimiy yoki oʻzgaruvchan tok elektromagnitlaridan foydalaniladi. Bular elektr transport (elektrovozlar, tramvay, trolleybus va boshqalar)da qoʻllanadi.

Aviatsiya va kosmonavtakada aerodinamik tormozlash usuli (tormoz parashyutlari, samolyot qanotidagi mexanizatsiya elementlari yordamida), mashina dvigatelining ish rejimini tormozlash usuli (mas., avtomobildagi sekinlashtiruvchi tormoz yordamida) ham qoʻllanadi.