Toshkentda Qozilik saylovi - Oʻrta Osiyoda huquqiy masalalar koʻp asrlar davomida islom shariati ahkomlariga koʻra qozilar tomonidan hal etilgan. Qozilar Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoga bosqinidan oldin shahar begi tomonidan tayinlangan

Qozilik saylovining vujudga kelishi

tahrir

Rossiya imperiyasi oʻz qonunchilik tizimini oʻrnatish uchun xalq ishonchini qozongan qozilik mahkamalarini zaiflashtirishga qaror qildi. Shu maqsadda baʼzi chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, qozilik sudlari aksar huquqiy masalalarni koʻrish huquqidan mahrum etildi. Qolaversa, qozilar hukmidan norozi boʻlgan fuqarolarga imperiya sudlariga murojaat qilish huquqi berildi[1] .

Chor hukumati esa qozilarni saylash tartibini joriy etdi. Toshkent shahrining har bir dahasiga qozilar ellikboshilar tomonidan uch yil muddatga saylangan, nomzodlar esa Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori tasdigʻidan oʻtgan[2]. Bundan koʻzlangan maqsad qozilarni mustamlakachi hukumat siyosatiga tobe etish edi. Harbiy gubernator tasdigʻidan oʻtgan qozigina oʻz faoliyatiga kirishgan. Toshkent shahar hokimining buyrugʻida koʻrsatilishicha, agar harbiy gubernator koʻp ovoz olgan qozi nomzodini tasdiqlamasa, qaytadan saylov oʻtkazilgan[3].

Nomzodlarga qo'yilgan talablar

tahrir

Arxiv hujjatlari ma'lumotlariga ko'ra, qozilik “mansabigʻa xalq ichida xizmat va eʼtibori bor va… 7 kundin ziyod hibs jazosigʻa va yo 30 soʻmdin ziyod taʼzir boʻlmogʻon, yaʼni jarimaga giriftor boʻlmogʻon, tergov va yo hukm ustida turmogʻon va yoshi 25 yoshdin” kichik boʻlmagan fuqarolar saylangan[2].

Qozilik saylovi sandiqqa soqqa tashlash asosida oʻtkazilgan. Soqqalar qora va oq rangda boʻlib, oq rang nomzodni yoqlash, qora esa unga qarshi ovoz berish alomati edi. Har bir dahadan shariat ahkomlarini puxta bilgan, el-yurt hurmatini qozongan nomzodlar saylovda qatnashgan.

1877-yilgi qozilik saylovi

tahrir

1887-yilgi saylovda Shayxontohur dahasidan 7 nafar, Beshyogʻoch dahasidan 6 nafar, Koʻkchadan 5 nafar, Sebzor dahasidan esa 4 nafar vakil nomzodini qoʻygan. 97 ellikboshidan 77 tasi ovozini olgan Sharif hoji qozi Shayxontohur qoziligiga, 68 ellikboshidan 49 tasi ovozini olgan Odil hoji Beshyogʻoch qoziligiga saylangan[4].

Qozilik kengashi

tahrir

Daha qozixonalarida yigʻilgan muhim masalalarni qozilar kengashi koʻrib chiqqan. Kengash avvalida qozilar orasidan sodirnishin (rais) saylab olingan va bu haqda Toshkent shahar hokimiga bildirgi yuborilgan. Masalan, “Tarix 1306-yil 12 safar oyinda, yaʼni 1888-yil 6-oktabrda Beshyogʻoch dahasi qozisi Odilxoʻja eshon Ofoqxoʻja eshon oʻgʻlini sodirnishinlikka xohlab siz hurmatli hokimimizga maʼlum boʻlsin deb rapurt yozib rostligʻiga muhrlarimiz bosduk", - deyiladi xabarnomalardan birida[5].

Qozilik sudi faoliyati

tahrir

Qozixonalarda “murofaʼ”, yaʼni tergov ishlari milodiy taqvim boʻyicha har oyning birinchi sanasidan 10 sanasigacha olib borilgan[6]. Oyning qolgan kunlarida hukmlar eʼlon qilingan.

1878-yili Toshkent Eski shahar ulamolarining bilittifoq qaroriga muvofiq qozilarning oʻzi, yaqin qarindoshlari va farzandlari manfaatiga daxldor masalalarda hukm qilish man etilgan. Shuningdek, qozilar gʻazabnok holda, ochlik, tashnalik yoki kasallik xuruj qilgan paytda, ot ustida yoki yurib borayotgan vaqtda hukm chiqarishdan qaytarilgan[7].

Qozixonada qozi va uning noibi, ikki muftiy hamda shariat ilmidan xabardor boʻlgan bir necha ilmli kishi faoliyat yuritgan. Muftiylar kichik jinoyatlarni koʻrib chiqqan, tergov va surishtiruv ishlarini olib borgan. Shuningdek, xalq ichida yurib, oila-nikoh, yer-suv, savdo masalalariga doir ishlarni hal etgan.

Qozixonaga murojaatlar koʻpayib ketgan kezlarda qozilar muftiylar sonini oshirishni soʻrab shahar hokimlariga murojaat qilgan[8].

Alam va muftiylar faoliyati

tahrir

Aʼlam va muftiylar tayinlagan qozi bu haqda shahar hokimiga maʼlum qilgan. Agar ulardan birortasi vafot etsa, qozi shahar rahbariga boshqa nomzodni taqdim etgan. Oʻsha davr muhiti hamda idoraviy yozishmalar xususida kengroq maʼlumot berish maqsadida Toshkent qozilaridan biri yozgan quyidagi nomani toʻliq keltirishga qaror qildik:

"Hurmatli shahar hokimi xizmatlarigʻa Shayxontohur dahasining qozisidan rapurt.

Ushbuning barobarinda maʼlum qilamankim, 1890-yil 16-yanvarda Shayxontohur dahasiga aʼlamlik mansabiga tayin boʻlgʻon Rahmatxoʻja eshon Aʼzamxoʻja eshon oʻgʻli aʼlamlikni xohlamas ekan. Mazkur aʼlam oʻziga tegishli aʼlamlik lavozimatini ado qilolmagʻani sababli mazkur Rahmatxoʻja eshon Aʼzamxoʻja eshon oʻgʻlini aʼlamlikdin bekor qilib, aning oʻrnigʻa aʼlamlik lavozimatini ado qilmoqqa mullo Zayniddin maxdum domullo Miriso oxund oʻgʻlini tayin qildim. Uldan aʼlamlik ishigʻa xabar boʻlib taʼmal qilib yurgani sababli, mazkur mullo Zayniddin maxzumni aʼlamlikka mustahkam qilmoqqa tartib joriy qilsangiz ekan deb janobingizdan iltimos qilib rostligʻigʻa Shayxontohur qozisi muhrim bosdim[9]".

Manbalar

tahrir
  1. Добросмыслов А. Ташкент в прошлом и настоящем. Тошкент, 1912. Стр. 107
  2. 2,0 2,1 O'zbekiston Milliy davlat arxivi, 36-fond, 1-roʻyxat, 2707-ish, 17-varaq
  3. O'zbekiston Milliy davlat arxivi, 36-fond, 1-roʻyxat, 3106-ish, 6-varaq
  4. O'zbekiston milliy davlat arxivi, 36-fond, 1-roʻyxat, 3106-ish, 38-41-48, 54-varaqlar
  5. O'zbekiston milliy davlat arxivi, 36-fond, 1-roʻyxat, 3005-ish, 7-varaq
  6. Turkiston viloyatining gazeti, 1908, № 57
  7. O'zbekiston Milliy davlat arxivi, 36-fond, 1-roʻyxat, 1656-ish, 14-varaq
  8. O'zbekiston Milliy davlat arxivi, 36-fond, 1-roʻyxat, 2707-ish, 89-varaq
  9. O'zbekiston Milliy davlat arxivi, 36-fond, 3-roʻyxat, 3180-ish, 4-varaq