Toshxoʻja Ashurxoʻjayev
Toshxoʻja Ashurxoʻjayev — siyosat va jamoat arbobi, Turkistondagi milliy rahbar xodimlardan biri. Turkiston muxtoriyati Milliy Majlisi aʼzosi.
Toshxoʻja Ashurxoʻjayev | |
---|---|
Fuqaroligi | Rossiya imperiyasi→SSSR |
Turmush oʻrtogʻi | Turgʻunbibi Boychaboyeva |
Otasi | Ashurxoʻja |
Oilasi
tahrirXoʻjandda oʻzbek dehqoni oilasida tugʻilgan. Turmush oʻrtogʻi Turgʻunbibi Boychaboyeva. Uning hayoti va faoliyati toʻgʻrisida juda oz maʼlumotlar saqlanib qolgan[1].
Siyosiy faoliyati
tahrirToshxoʻja Ashurxoʻjayev 1917-yilda tashkil qilingan musulmon ishchilarining „Ittifoq“ tashkilotida faol qatnashgan. 1917-yil noyabrda Qoʻqonda oʻtkazilgan Butunturkiston musulmonlari favqulodda IV qurultoyida u Turkiston Milliy Majlisi aʼzoligiga saylandi. 1918-yil fevralida Turkiston muxtoriyati hukumati agʻdarilgach, 1918-yil bahoridan boshlab sovet hokimiyati idoralarida turli lavozimlarda ish boshladi. Bu paytda bolsheviklar partiyasining aʼzosi boʻlgan[2].
1918-yil 20-aprel – 1-mayda Toshkentda boʻlgan Turkiston ishchi, soldat, krestyan, musulmon va dehqon deputatlarining V oʻlka syezdida Toshxoʻja Ashurxoʻjayev Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Milliy ishlar xalq komissari (Narkom Turknats) hamda Sa’dullaxoʻja Tursunxoʻjayev Sogʻliqni saqlash xalq komissari lavozimiga saylandi. Ashurxoʻjayev va Tursunxoʻjayev tub mahalliy xalqlar vakillaridan dastlabki komissarlar sifatida Turkistondagi sovet hukumati tarkibiga kiritilgan milliy rahbar xodimlar – milliy kommunistlar edi[3].
Vafoti
tahrir1918-yil kuzida Fargʻona vodiysiga xizmat safariga yuborilgan Ashurxoʻjayev bilan aloqalar uzilib qoladi. 1918-yili noyabrda halok boʻlgan, degan fikr oʻsha davr manbalarida uchraydi. 1919-yil 10-yanvarda xotini Turgʻunbibi Boychaboyevaning arizasiga koʻra, boquvchisini yoʻqotganlik uchun unga nafaqa tayinlangan[4].
Yana qarang
tahrirTurkiston muxtoriyati
Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi
Manbalar
tahrir- ↑ Rajabov Q. Turkiston muxtoriyati vazirlari hamda Milliy Majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. Toshkent:"Bodomzor invest", 2021. 61—62-betlar.
- ↑ Rajabov Q. Turkiston muxtoriyati vazirlari hamda Milliy Majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. Toshkent:"Bodomzor invest", 2021. 62-bet.
- ↑ Rajabov Q., Haydarov M. Turkiston tarixi (1917—1924 y.) Toshkent:"Universitet", 2002. 48-bet.
- ↑ Rajabov Q. Turkiston muxtoriyati vazirlari hamda Milliy Majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. Toshkent:"Bodomzor invest", 2021. 62-bet.