Tovarning hayotiy sikli
Tovarning hayotiy sikli - tovarning bozorda sotilib, sotuvchiga foyda keltirib turish davri; Tovarning hayotiy sikli tovarni yaratish gʻoyasi va namuna nusxasining yaratilishi, xarajatlar va foyda koʻlamini hisob-kitob qilishdan boshlanadi. Tovarning hayotiy siklining asosiy bosqichlari: 1) tovarning ommaviy sotish uchun bozorga kirib kelishi; 2) tovarga talabning ortishi natijasida sotish hajmining oʻsishi; 3) tovar mavqeining yuksak bosqichga koʻtarilishi va maksimal sotish hajmiga erishish; 4) bozorning tovarga toʻyinishi, talabning pasayishi, sotishning kamayishi; 5) sotish hajmining keskin pasayishi, foydaning kamayishi va tovarning bozordan chiqib ketishi. Yuqoridagi bosqichlarga monand ravishda tovarning sotilishi va undan kelgan foyda dastlab orta borib, oʻz choʻqqisiga yetadi, soʻngra pasayib, minimal darajaga keladi. Tovarning hayotiy sikli uzun ligi yoki qisqaligi tovarning sifatiga, bozor talabini qondira olishiga, narxi, reklama, sotilishining sharoitlarini oʻzgartirish va boshqalarga bogʻliq boʻladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |