Transformatsiya
Transformatsiya (lot. transformatio — qayta oʻzgarish, qayta hosil boʻlish) (genetikada) — hujayraga yot DNK kirishi natijasida uning irsiy xususiyatlari oʻzgarishi; prokariotlarda genetik material almashinish usullaridan biri. Birinchi marta ingliz olimi F. Griffit (1928) pnevmokokklarda kashf etgan. F. Griffit patogen pnevmokokklarni qizdirib oʻldirganda ular sichqonlarni zararlamasligini, lekin bakteriyalarni patogenlik xususiyatiga ega boʻlmagan tirik bakteriyalar bilan birga sichqonlarga yuborilganda nopatogen bakteriyalar patogenlik xususiyatiga ega boʻlishini aniqlagan. AQSH olimi O. Eyveri va uning xodimlari (1944) nopatogen bakteriyalar patogen boʻlib qolishi (transformatsiyalanishi)ning sababi patogen bakteriya shtammidan ajralgan DNK bilan bogʻliq ekanligini aniqladi. T. keyinchalik har xil turkum va turlarga mansub bakteriyalar — streptokokk, gemofill bakteriyalar, pichan tayoqchasi va boshqalarda aniqlangan. T. hodisasi kompetentlik xususiyatiga ega boʻlgan ayrim hujayralar bilan bogʻliq (hujayraning yot DNK ni bogʻlash xususiyati maxsus oqsil molekulasi sintezlanishi bilan tushuntiriladi). Transformatsiyalaydigan DNKning mol. massasi 300000 dan kam boʻlmasligi, 2 spiralli va kimyoviy toza boʻlishi lozim. Hujayraga donor DNK sining bir boʻlagi oʻtib, hujayra xromosomasi bilan rekombinatsiyalanadi va uning xossasini oʻzgartiradi.
T.dan bakteriyalarni genetik analiz qilishda va genetik injeneriya sohasidagi tajribalarda foydalaniladi. T. jarayonining kashf etilishi va oʻrganilishi natijasida DNKirsiyatning moddiy asosi ekanligi aniqlandi. T.dan eukariot hujayralarga yot DNK ni kiritishda ham foydalaniladi (yana qarang Genetik injeneriya).
Adabiyot
tahrir- Prozorov A. A., Geneticheskaya transformatsiya i transfeksiya, M., 1980; Toʻraqulov Yo. X. va boshqa, Umumiy biologiya, T., 1999.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |