Transmissiv kasalliklar - bemor (yoki bakteriya tashuvchi)dan yoki kasal hayvondan boʻgʻimoyokdyugar, mas., qon soʻruvchilar orqali sogʻlom kishilarga yuqadigan infeksion kasalliklar. Bu guruhga mansub kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilari sogʻlom odam organizmiga teri orqali tushadi va, asosan, qonda boʻladi. Odatda, terida toshmalar paydo boʻlishi va mayda tomirlar jarohatlanishi bilan kechadi. Rikketsiozlar Transmissiv kasalliklarning katta qismini tashkil etadi. Koʻpincha maʼlum hududlarda qayd qilinadi va oʻsha joyning nomi bilan ataladi. Transmissiv kasalliklar 5 guruhga boʻlinadi: toshmali terlama guruhi, kana dogʻli isitmasi guruhi, qizil tanachali kana isitmasi, pnevmotrop (nafas yoʻllarini jarohatlaydigan) rikketsiozlar va paroksizmal rikketsiozlar. Kasallik, asosan, bit, burga yoki kanalar chaqqanda yuqadi. Toshmali terlamada odam, boshqasida kalamush, sichqon va boshqa kemiruvchi hayvonlar, ayrimlarida yovvoyi va uy hayvonlari hamda qushlar rezervuar hisoblanadi.