Turbulent oqim (lot. turbulentus — joʻshqin, tartibsiz) — turbulenglik kuzatiladigan suyuqlik (gaz) oqimi (qarang Turbulentlik). Turbulent oqimda suyuqlik (gaz) ning ayrim zarralari murakkab trayektoriya boʻylab tartibsiz, beqaror harakat qiladi. Bunda oqimdagi har bir nuqta tezligi vaqt utishi bilan oʻzgaradi va pulsatsiya (jadal) tusida boʻladi. Bosimda ham pulsatsion oʻzgarish roʻy beradi, siqilayotgan suyuqlikning zichligi esa oʻzgaradi. Jadal tartibsiz aralashuv tufayli Turbulent oqim yuqori issiqlik uzatish, kimyoviy reaksiyalar (mas., yonish)ni tez tarqatish, tovush va elektromagnit toʻlqinlarni sochish, shuningdek, impulsni uzatish va shu sababli qattiq jismlarni aylanib oqayotganda ularga yuqori kuch taʼsir koʻrsatish xususiyatiga ega. Bunda Turbulent oqimlarda harakatlanuvchi jism (zarra, toʻlqin)lar anchagina katta qarshilikka uchrashi sababli kattagina energiya yoʻqotishlari sodir boʻladi. Turbulent oqim davrida harakat qilayotgan suyuqlikning ayrim massalari intensiv ravishda aralashib turadi.

Koʻpchilik atm. hodisalari va jarayonlari — atmosfera bilan sirt orasidagi energiya almashinuvida, issiqlik va namlikning koʻchishida, Yer sirti va havzalardagi bugʻlanishlarda, atm.dagi iflosliklar diffuziyasida, dengizda shamol toʻlqinlari va shamol oqimlarining vujudga kelishida, atm. da qisqa radiotoʻlqinlarning sochilishi kabi hollarda atm.ning turbulentligi katta rol oʻynaydi.