Turkan ogʻo maqbarasi
Turkan ogʻo maqbarasi, Shodimulk ogʻo maqbarasi – Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (1372). Shohizinda ansambli tarkibida. Amir Temurning opasi Turkan ogʻo vafot etgan qizi Shodimulk ogʻo (1370—71)ga atab qurdirgan[1]. 1383-yilda Turkan ogʻoning oʻzi ham qizi yoniga dafn etilgan. Maqbara (8,65x9,85 m) bir xonali, gumbazi qobirgʻali, tashqi tomonlari bezaksiz. Peshtogʻi va ichki tomoni sirkori gʻishtchalar, oʻymakor sirli parchin bezaklari feruza rangda nafis bezatilgan. Ichkarisidagi izora va namoyonlari, gumbazi serhasham bezaklarga boy. Shipi 8 boʻlakka boʻlinib, 8 qirrali yulduzchalar ichi naqshlar bilan toʻldirilgan va har biriga alohida turunj ishlangan. Mukarnaslar yuzasi va peshtoq ustunida samarqandlik Shamsiddin, Badriddin va buxorolik Zayniddin ustalarning nomlari yozilgan. Maqbara 1954-yilda ilmiy oʻrganilib, taʼmirlash ishlari olib borilgan. Maqbarada XIV—XV-asrlardagi xalq ustalarining meʼmorlik va naqqoshlikda erishgan yutuklari yuksak mahorat ila aks etgan.
Turkan ogʻo maqbarasi | |
---|---|
Turkan ogʻo maqbarasining (Shodimulk ogʻo) kirish qismi | |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | YuNESKOning Butunjahon merosi obyekti № 603 |
Turi | Maqbara |
Meʼmoriy uslubi | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Joylashuvi | Samarqand, Oʻzbekiston |
Manzili | Shohi Zinda koʻchasi 1-uy |
Texnik holati | |
Material | Pishiq gʻisht |
Dizayn va konstruksiya | |
Meʼmor | Usta Zayniddin va Bahriddin |
Tavsifi
tahrirTurkan ogʻo maqbarasi Amir Temur tomonidan Shohizindada qurilgan birinchi inshoot hisoblanadi. 1371-yil 29-dekabrda 11 yoshida vafot etgan Shodimulk ogʻo maqbaraga dafn qilingan[2].
Maqbarada naqsh va yozuvlar bitilgan. Yozuvlarning birida shunday soʻzlar qayd etilgan:
Bu jannatiy bogʻdir va unda tolʼe xazinasi koʻmilgan. Bu qabrda qimmatbaho marvarid yashirilgan. Unda sarvqad nazokatli yotibdi, shu sababli bu joyni jannatga qiyoslash mumkin. Bu oʻliklar orasida garchi uning uzugida qudratlilik muhri boʻlsa-da, Sulaymonday odam gʻoyibga ravona boʻldi[3].
Ichki qismi
tahrirShodi Mulk ogʻo maqbarasining ichki qismi dabdabali bezaklari bilan ajralib turadi. Poldan gumbaz qismiga qadar boʻyalgan mayolika va oʻyilgan sirlangan terakota bilan qoplangan. Mayolika koʻk rang bilan uygʻunlashgan. Maqbara tagida, yertoʻlada shimoldan janubga qarab choʻzilgan ikkita dafn xonasi (arxeologik jihatdan oʻrganilmagan) joylashgan. Biri, maqbara markazida, oʻlchamlari – 2,5×1,2 m; ikkinchisi, gʻarbiy devor yaqinida, oʻlchamlari – 1,5 × 3,6 m. Xonalarning balandligi taxminan 1,3-1,4 m[4]. Ichkariga kirilgandan soʻng yoʻl koridor boʻylab taxminan 1,2-1,5 m ga koʻtarilgan. Ichki qismga kiraverishda bino eshigida uch yoki toʻrtta zinapoya mavjud.
Bino ichki va tashqi tomondan sirkor gʻishtchalar, oʻymakor sirli parchinlar bilan yuqorida nomlari keltirilgan ustalar tomonidan jimjimador naqshli, serjilo feruza rangga moyil qilib bajarilganini P.Zohidov oʻz tadqiqotlarida maʼlum qiladi[5].
Shodimulk ogʻo maqbarasining peshtoqida joylashgan oʻymakor va sirkor naqshlar orasida binoni barpo etgan ustalarning nomlari „Amali ustod Shamsiddin“, „Amali ustod Badriddin“, „Amali Zayniddin binni Shamsiddin Buxoriy“ koʻrinishida saqlanib qolgan.
Galereya
tahrir-
1870-yil
-
1870-YIL
-
1890-yil
-
1964-yil
-
1997-yil
-
2023-yil
-
Kirish qismidagi lavha
-
Peshtoq qismidagi muqarnaslar
-
Gumbazning ichki qismi
-
Qabrlar
-
Devoriy bezaklari
-
Ichki qismi
Manbalar
tahrir- ↑ „Ансамбль мавзолеев Шахи-Зинда в Самарканде“. Qaraldi: 2-sentabr 2023-yil.
- ↑ Массон М.Е. О происхождении мавзолея Турканака в Самарканде. МИТАУ. Вып. 1. 1950 — 46-48-bet.
- ↑ Шишкин В.А.. Надписи в ансамбле Шахи-Зинда. Зодчество Узбекистана” в II. Т. 1970 — 21-bet.
- ↑ Н.Б.Немцова 2019, s. 183.
- ↑ Yaxyayev, Abdulla „Shohizinda majmuasi me’moriy bezaklarining umumiy ta’rifi“.
Adabiyotlar
tahrirН.Б.Немцова. Ансамбль Шахи-Зинда: история-археология-архитектура XI—XXI в. Самарканд 2019 — 184-bet. ISBN 978-9943-357-47-1.
Массон М.Е. О происхождении мавзолея Турканака в Самарканде. МИТАУ. Вып. 1. 1950 — 46-48-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |