Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan itboqar

„Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan itboqar“ (turkmancha: Türkmenistanyň at gazanan itşynasy) — Turkmaniston davlat mukofoti. 2021-yil 13-mart kuni Turkmaniston parlamenti tomonidan taʼsis etilgan[1][2]. Unvon Turkmaniston mustaqilligi yillarida xalqning milliy qadriyatlaridan biri deb hisoblangan turkman olabaylarining dunyo miqyosidagi mashhurligini oshirishga katta hissa qoʻshgan shaxslarga beriladi. Turkman xalqining eng boy madaniy merosining ajralmas qismi deb hisoblanuvchi turkman olabaylarini boqish va naslini koʻpaytirishda katta xizmat qilgan shaxslar „Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan itboqar“ unvoni bilan taqdirlanadi[3].

„Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan itboqar“ koʻkrak nishoni
Asl nomi Türkmenistanyň at gazanan itşynasy
Mamlakat Turkmaniston bayrogʻi Turkmaniston
Turi davlat mukofoti
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2021-yil 13-mart
Birinchi taqdirlash 2021-yil 21-aprel

Ma’lum qilinishicha, ushbu mukofotlar Turkmaniston fuqarolariga, shuningdek, chet elliklarga ham berilishi mumkin[3].

Turkmanistonda xalq itboqarlari hamda xizmat koʻrsatgan itboqarlarga bir martalik mukofot pullari va oylik pul mablagʻlari beriladi. Xalq itboqari unvoniga sazovor boʻlganlarga eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik mukofot va oylik, pensiya, nafaqa hamda stipendiyalariga eng kam ish haqining 30 foizi miqdorida oylik ustama qoʻshiladi[3].

Tavsifi tahrir

„Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan itboqar“ koʻkrak nishoni bir-birining ustiga yotqizilgan ikkita sakkiz burchakli yulduz koʻrinishidadir. Sakkiz burchakli yulduzlardan birining ichki qismi yashil rangda sirlangan boʻlib, yulduz shakllarining qolgan qismi oltin rangidadir. Koʻkrak nishonining umumiy diametri 44 mm. Yulduz shaklining markazida 23,2 mmli ichki aylana shaklda quyosh shuʼlasi va olabay zotli it tasviri mavjud. Ushbu aylananing tashqi tomonida umumiy diametri 31 mm, eni 2,9 mm boʻlgan oltin suvi yuritilgan halqa mavjud. Halqaning yuqori qismida balandligi 1,3 mmli oltin rangli harflar bilan „TÜRKMENISTANYŇ AT GAZANAN ITŞYNASY“ deb yozilgan. Uning pastki qismida esa oltin rangda beshta turkman gilami naqshlari joy olgandir.

Koʻkrak nishonining yuqori qismiga zanjir bilan balandligi 20 mm, eni 30 mm boʻlgan sirlangan Turkmaniston bayrogʻi ramzi tushirilgan. Uning orqa tarafida koʻkrak nishonini kiyimga taqish uchun ildirgich bor.

Koʻkrak nishoni 925 namunali kumushdan tayyorlangan boʻlib, tashqi tomondan tilla suvi bilan qoplangan[4].

Taqdirlanganlar tahrir

Sana Ism sharifi Lavozimi
2021-yil 22-aprel Serdar Berdimuhamedov[5] Turkmaniston vitse-premyeri
2022-yil 29-oktabr Begenç Bakeýew[6] Turkmaniston milliy xavfsizlik vazirligi ishchisi
2022-yil 29-oktabr Orazmyrat Orazmyradow[6] Xalqaro „Türkmen alabaý itleri“ assotsiatsiyasi boʻlim boshligʻi, xususiy itboqar

Manbalar tahrir