Turkum — mushtarak gʻoyaviy niyat, umumiy mavzu, qahramon va muayyan kompozitsion yaxlitlikka ega boʻlgan badiiy asarlar majmui. T. asarlar adabiyotning barcha janrlarida mavjud. Mas., Balzakning "Inson komediyasi" yoki Zolyaning "Rugon — Makkarlar"ini tashkil etuvchi asarlarini romanlar T.i deyish mumkin. Shuningdek, hikoyalar, ocherklar va hatto maqolalar T.lari ham boʻladi. T., ayniqsa, sheʼriyatda keng tarqalgan.

Oʻzbek sheʼriyatida deyarli hamma shoirlar T. asarlar yaratganlar. Mirtemirning "Qoraqalpoq daftari", Zulfiyaning "Vodiy tuhfasi", H. Gʻulomning "Qitʼalar uygʻoq", Shuhratning "Kavkaz daftari" kabi T. asarlari mavjud. T.ni tashkil etuvchi har bir asar mustaqil badiiy qimmatga ega boʻladi, biroq ular birlashib, hayotning biror tomoni haqida mukammal tasavvur beruvchi tugallangan yaxlit asarni vujudga keltiradi.