Tutuq (unvon)
Tutuq — Turk xoqonligi boshqaruvidagi unvon.
Qad. turk bitiktoshlari, xitoy, sugʻd manbalarida uchraydi. T. Turk xoqonligida harbiy maʼmuriyat boshligʻi uchun qoʻllangan boʻlib, xitoycha dudu — voliy, viloyatning harbiy hokimi soʻzidan olingan deb hisoblanadi. Lekin, baʼzi tadqiqotchilar, shu jumladan, oʻzbek olimlari T. unvoni tutmok, feʼli asosida shakllangan unvon ekanligini taʼkidlashadi. UrxunYenisey bitiktoshlarida Oʻng T., Buqay T., El Toʻgʻon T., Alp Urungu T., Choʻkul T., Kunch T., singari amaldorlar nomi aks etgan. Bitiktoshlarda qayd etilishicha, xoqonlik boʻysundirilgan k,abilalarga T.lar tayinlagan. Turk xoqonligi davrida Fargona vodiysida T. unvonli sulola boʻlgan.
Mugʻ kala hujjatlarida Sugʻd hukmdori Devashtichning 719 yilda Turk xoqoniga, Shosh tuduni va Fargʻona hukmdoriga yordam soʻrab yuborgan maktubini eltgan Fatufarn ismli elchi Devashtichga yozgan xati boʻlib, unda Fatufarn "Xoqonga va Fargʻona xukmdoriga yozilgan nomani Fargona tutugʻiga topshirdim", deb qayd qiladi. Bu esa 7—8-asrlarda Fargʻonada ixshidlar boshqaruvi bilan birgalikda T.lik boshqaruvi ham mavjud boʻlganligini koʻrsatadi. Shuningdek, 7—8-asrlarga oid Quva tangalari orasida suhiy yozuvda "Alpu xoqon tutuq" iborasi aks etgan tangalar uchraydi. Bundan Fargʻona T.larining Turk xoqonlari nomidan pul zarb qildirganliklari ayon boʻladi. Uygʻur xoqonligi davrida xoqonlardan biri Xitoyga T. unvonli noib tayinlaydi. Arab geograflari asarlarida 10-asrda Irtish boʻyida yashovchi Kimak nomli turkiy qabila hukmdorining unvoni T. deb qayd etiladi.
Adabiyot
tahrir- Ishoqov M., Unutilgan podsholikdan xatlar, T., 1992.
- Klyashtornyy S. G., Savinov D. G., Stepnyye imperii drevney Yevrazii. Sankt-Peterburg: Filologicheskiy fakul'tet SPbGU, 2005.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |