Udi (asl ismi Lyu Che) (mil. av. 156— 87) — Xitoy imperatori (mil. av. 140— 87); Gʻarbiy Xan sulolasidan. Taxtni Ud i (jangovar imperator) nomi bilan boshqargan. Nihoyatda qattiqqoʻl, qobiliyatli, shuhratparast va jangovar shaxe boʻlgan. Markaziy hokimiyatni mustahkamlash yoʻlida siyosiy, iqtisodiy, harbiy islohotlar oʻtkazgan. Mil. av. 127-yil zodagonlar yer mulklarini vorislar oʻrtasida taqsimlash haqida farmon chiqargan. Mamlakat hududini 14 okrugga taqsimlab, mahalliy hokimlarni nazorat qilib turish uchun u yerlarga yoʻriqchilarni joʻnatgan. Maʼmuriy lavozimlarni egallash uchun davlat imtihonlari topshirish tizimini joriy qilgan. Uning davrida konfutsiylikni rasmiy mafkuraga aylanish jarayoni yakunlangan. 40 yildan ortiq hozirgi Koreya, Vyetnam, Mongoliya hududlarida mavjud boʻlgan davlatlarga qarshi bosqinchilik urushlari olib borgan. Bu urushlar saltanat hududlarini ancha kengaytirgan, lekin Xitoyni zaiflashtirgan, mehnatkash xalq ommasi ahvolini keskin yomonlashtirgan. Hun xoqonligiga qarshi kurashda Gʻarbdagi davlatlar bilan ittifoq tuzish uchun Markaziy Osiyoga 2 marta Chjan Syanni elchi qilib yuborgan, uning hisoboti natijasida xitoyliklar ilk bor Oʻrta Osiyo xalqlari bilan tanishish imkoniga ega boʻlganlar. Ud i oʻz qoʻshinlarining jangovarlik imkoniyatlarini oshirish maqsadida Fargʻona (Dayyuan, Davan) otlarini sotib olmoqchi boʻlgan. Fargʻonaliklar bunga koʻnmagach, mil. av. 104-yil Li Guangli boshchiligida Fargʻonaga qoʻshin joʻnatgan. Birinchi yurishda Xitoy qoʻshinlari Oʻzgandan nariga oʻta olmagan. Mil. av. 101-yil Xitoy qoʻshini Fargʻona davlatining markazi — Ershi shahrini 40 kun qamal qilgan (qarang Ershi mudofaasi). Ud i qoʻshini Fargʻonani qoʻlga kirita olmagach, u bilan bitim tuzishga majbur boʻlgan boʻlsada Ud i buni gʻalaba deb baholagan.