Ulugʻbek Abdusalomov – jamoat arbobi, muharrir, tarixchi va tarjimon. Jalolobod viloyatidagi Alisher Navoiy nomli oʻzbek milliy-madaniy markazining sobiq vitse-prezidenti va 1990—1995-yillar mobaynida Jalolobod viloyati Kengashining deputati, qonunchilik komissiyasining raisi boʻlgan jamoat arbobi. Abdusalomov Qirgʻizistondagi oʻzbeklar liderlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan shaxslardan biri[1].

Ulugʻbek Abdusalomov
Tavalludi 1-avgust 1951-yil (1951-08-01) (73 yosh)
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSRI Qirgʻiziston
Taʼlimi Andijon davlat pedagogika instituti tarix-filologiya fakulteti
Kasbi oʻqituvchi, muharrir, tarixchi va tarjimon.
Mashhur ishlari
  • "Biz kimmiz?"
  • „Erkinlik dovoni“
  • „Arslonbob tarixi“

Hayoti va taʼlimi

tahrir

Ulugʻbek Abdusalomov 1951-yil 1-avgust kuni Bozorqoʻrgʻon tumani, Arslonbob qishlogʻida tugʻilgan. 1973-yilda Andijon davlat pedagogika instituti tarix-filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

Mehnat faoliyati

tahrir

Ulugʻbek Abdusalomov dastlab 1973—1977-yillarda Bozorqoʻrgʻon rayonidagi Kirov nomli 5-son oʻrta maktabda oʻqituvchilik qilgan. Shundan soʻng:

  • 1978—1979-yillar Bozorqoʻrgʻon rayonidagi Kirov nomli 5-son oʻrta maktabning oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari;
  • 1979—1981-yillarda Oʻsh viloyati Bozorqoʻrgʻon rayonidagi Kirov oʻrmon xoʻjaligi kasaba uyushmasi komitetining raisi;
  • 1981—1982 va 1990—1991-yillarda Oʻsh viloyati Bozorqoʻrgʻon rayonidagi Kirov qishloq Soveti ijroiya komitetining raisi;
  • 1982—1983-yillarda Qirgʻiziston Kompartiyasi Bozorqoʻrgʻon raykomi tashkiliy komitetining instruktori;
  • 1983—1990-yillarda Qirgʻiziston Kompartiyasi Bozorqoʻrgʻon raykomi Kirov oʻrmon xoʻjaligi partiya komitetining sekretari;
  • 1992-yilda Jalolobod viloyatidagi Alisher Navoiy nomli oʻzbek milliy-madaniy markazining vitse-prezidenti;
  • 1990—1995-yillarda Jalolobod viloyati Kengashining deputati, qonunchilik komissiyasining raisi;
  • 1992—1996 yillarda Jalolobod viloyati Bozorqoʻrgʻon rayonidagi Kirov oʻrmon xoʻjaligi direktorining oʻrinbosari;
  • 1996—1997–yillarda Jalolobod viloyati Bozorqoʻrgʻon rayonidagi Arslonbob qishloq hukumatining boshligʻi;
  • 1997—1998–yillarda Jalolobod viloyati Bozorqoʻrgʻon rayonidagi Kirov oʻrmon xoʻjaligi direktorining oʻrinbosari;
  • 1998—2002–yillarda Jaloloboddagi „Intershak“ ishlab chiqarish, transport kompaniyasining bosh mutaxassisi;
  • 2007-yildan 2010-yilning 10-iyunigacha „Diydor“ ommaviy-maʼrifiy gazetasining bosh muharriri[2];
  • 2005 yildan 2009 yilgacha –Bozorqoʻrgʻon rayon Kengashining deputati;
  • 1974-yildan po 2009-yilgacha Arslonbob qishloq Kengashining deputati;
  • 2010-yildan boshlab Qirgʻiziston Respublikasi Konstitutsiyaviy Kengash aʼzosi.

Asar va tarjimalari

tahrir

Ulugʻbek Abdusalomovning „Biz kimmiz?“, „Erkinlik dovoni“ va „Arslonbob tarixi“ kabi kitoblari nashr etilgan. 2022—2023-yillarda Qirgʻiziston Xalq yozuvchisi Tugalboy Sidiqbekovning „Kөk asaba“ romanini, Chingiz Aymatovning 30 ga yaqin publitsistik maqolalarini, Baydilda Sarnogoevning sheʼrlarini oʻzbekchaga oʻgirgan.

Ayblovlari

tahrir

2010-yil 12 va 15-may kunlari Qirgʻizistondagi etnik oʻzbeklar oʻtkazgan namoyishlarga aloqadorligi sababli hibsga olingan[3]. Xalqaro Amnistiya tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha tahlilchisi Maysi Veysherding bu holatga quyidagicha fikr bildirgan:

Biz Ulugʻbek Abdusalomovning zudlik bilan hech qanday shartlarsiz ozod etilishini talab etmoqdamiz. Bizning fikrimizcha, uning ikki maqolasiga asoslanib etnik nizo qoʻzgʻash va zoʻravonliklarda ishtirok etganlik degan ayblar qoʻyish asossizdir. Biz bu ikkala maqolani ham tahlil qilib koʻrdik va xulosamiz shu boʻldiki, Ulugʻbek oʻzining milliy mansubligi va haqli ravishda izhor etgan fikrlari bois hibsga olingan. Uning may oyida Jalolobodda uyushtirilgan zoʻravonliklarga aloqadorligi borasidagi ayblovlar kurakda turmaydi. Chunki may oyida Ulugʻbek Bishkekda boʻlgan edi[4].

Shuningdek, Oʻzbekistondagi koʻplab ziyolilar ham Abdusalomovni ozod etilishini soʻrab chiqishgan[5]. 2010-yil 22-sentyabr kuni boʻlib oʻtishi belgilangan sud Ulugʻbek Abdusalomovning yurak xurujidan ahvoli yomonlashgani sababli qoldirilgan[6].

Manbalar

tahrir
  1. „Dunyouzbeklari.com- журналист Исмат Хушевнинг мустақил интернет-газетаси“. www.dunyouzbeklari.com. 2024-yil 2-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 2-yanvar.
  2. „CPJ Азимжон Асқаров ва Улуғбек Абдусаломов ҳибсларини қоралади“ (uz-Cyrl). BBC News O'zbek (2010-yil 13-avgust). Qaraldi: 2024-yil 2-yanvar.
  3. „Qirg’izistonda o’zbek faoli Azimjon Asqarov ustidan sud ishi boshlangan“ (uz). Voice of America (2010-yil 3-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 2-yanvar.
  4. „Халқаро Амнистия Улуғбек Абдусаломов ҳимоясига отланди“ (uz). Озодлик радиоси (2010-yil 5-avgust). Qaraldi: 2024-yil 2-yanvar.
  5. „O‘zbekistonlik ziyolilar Qirg‘izistonda hibsda qolayotgan o‘zbek faollarini ozod qilishga chaqirishdi“ (uz-Cyrl). BBC News O'zbek (2010-yil 1-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 2-yanvar.
  6. „Ulug‘bek Abdusalomov insult bo‘ldi“ (uz). Озодлик радиоси (2010-yil 17-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 2-yanvar.

Havolalar

tahrir