Umar Hafs ibn Abu Hafs Keshiy G'aznayoniy
Umar Hafs ibn Abu Hafs Keshiy Gʻaznayoniy[1] hijriy II-III asrlarda yashagan muhaddis olim. Gʻaznayoniyning tugʻilgan va vafot etgan yillari haqida aniq bir maʼlumotlar saqlanib qolmagan. Lekin tarixchi olim Abu Saʼd Samʼoniyning „Al-ansob“ kitobida keltirilishicha Hafs ibn Abu Hafs Gʻaznayoniy hijriy uchinchi asrdan oldinroq yuz yoshda boʻlib oʻz shogirdlariga hadis aytganligi bayon qilingan[2]. Bundan maʼlum boʻladiki, Gʻaznayoniy hijriy ikkinchi va uchinchi asrlar orasida yashagan.
Hafs ibn Abu Hafs Gʻaznayoniy Gʻaznayon qishlogʻida tugʻilgan. Gʻaznayon qishlogʻi Kesh vohasida joylashgan bir qishloqdir[3]. Shuningdek Gʻaznayon nomi bilan ataluvchi qishloq Hirot va qadimgi Xorazm vohalarida ham boʻlganligi manbalarda qayd qilinadi[4]. Lekin Kesh vohasidagi Gʻaznayon qishlogʻidan chiqqan olimlar Gʻaznayoniy nisbasiga Keshiy nisbasini ham qoʻshib keltirgan.
Hafs ibn Abu Hafs Gʻaznayoniy oʻz davrining yirik muhaddislari boʻlgan Yahyo ibn Abdulgʻaffor, Abu Said ibn Ato ibn Muso Jurjoniy, Abu Ibrohim Ishoq ibn Ibrohim Bob Keshiy Samarqandiydan hadis ilmidan dars olgan va ulardan koʻpgina hadislar rivoyat qilgan. Hafs ibn Abu Hafs Gʻaznayoniydan esa shogirdlari Abdulloh ibn Muhammad Shoh Samarqandiy va Iso ibn Hasayn Kasbaviy hadis rivoyat qilishgan. Hafs ibn Abu Hafs Gʻaznayoniy muhaddis olim Said ibn Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiyning yaqin doʻsti boʻlganligi manbalarda qayd etilgan[5]. Hafs ibn Abu Hafs Gʻaznayoniyning vafot etgan yili va umrining oxirgi yillarida qaerda yashaganligi haqida aniq maʼlumotlar saqlanib qolmagan.
Abu Umar Hafs ibn Abu Hafs Keshiy Gʻaznayoniy, Abd ibn Humayd ibn Nasr Keshiy, Yahyo ibn Abdulgʻaffor Keshiy va Fath ibn Shuxraf Keshiy bir davrda yashab, Keshning haqiqiy iftixorlariga aylangan.
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |