Ventrikulyar fibrilatsiya (shuningdek qorincha fibrilatsiyasi) — anormal yurak ritmining bir turi (aritmiya). Qorincha fibrilatsiyasi vaqtida tartibsiz yurak impulslari yurakning pastki kameralarini(qorinchalar) samarasiz qisqarishiga sabab boʻladi. Natijada, yurak qonni tanaga yetkazib bera olmaydi.

Ventrikulyar fibrilatsiya
KXK-10 I49. 01
KXK-9 427.41

Ventrikulyar fibrilatsiya – shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladigan favqulodda holat. Bu toʻsatdan koronar oʻlimning eng koʻp uchraydigan sababidir.

Qorincha fibrilatsiyasini shoshilinch davolash kardiopulmonar reanimatsiya (KPR) va avtomatlashtirilgan tashqi defibrilyator (ATD) deb ataladigan asbob yordamida yurakka zarba berishni oʻz ichiga oladi. Qorincha fibrilatsiyasi salbiy holatlarinig oldini olish uchun dorilar, implantatsiya qilingan qurilmalar yoki jarrohlik tavsiya etilishi mumkin[1].

Alomatlar

tahrir

Yiqilish va ongning yoʻqolishi qorincha fibrilatsiyasining eng keng tarqalgan alomatidir.

 
Ventrikulyar fibrilatsiya EKG tasviri

Ogohlantiruvchi belgilari va alomatlari

tahrir

Qorincha fibrilatsiyasi epizodidan oldin gʻayritabiiy tez yoki tartibsiz yurak urishi (aritmiya) belgilari va alomatlari boʻlishi mumkin. Ushbu ogohlantirish belgilari quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:

  • Koʻkrak ogʻrigʻi-angina pectoris
  • Juda tez yurak urishi (taxikardiya)
  • Bosh aylanishi
  • Koʻngil aynishi
  • Nafas qisilishi

Sabablari

tahrir

Qorincha fibrilatsiyasi qanday sodir boʻlishini tushunish uchun yurakning odatda qanday urishini bilish foydali boʻlishi mumkin.

Oddiy yurak urishi

tahrir

Yurak toʻrt kameradan iborat – ikkita yuqori kamera (atria) va ikkita pastki kamera (ventria).

Yurak ritmi odatda oʻng yuqori kamerada (atrium) tabiiy yurak stimulyatori (sinus tugunlari) tomonidan boshqariladi. Sinus tugunlari odatda har bir yurak urishini boshlaydigan elektr impulslarini yuboradi. Ushbu elektr impulslari atriya boʻylab harakatlanib, yurak mushaklarini qisqarishga va qorinchalarga qon quyilishini keltirib chiqaradi.

Keyinchalik, impulslar AV tugun deb ataladigan hujayralar klasteriga yetib boradi va u yerda ular sekinlashadi. Bu engil kechikish qorinchalarni qon bilan toʻldirishga imkon beradi. Elektr impulslari qorinchalarga yetib kelganida, yurakning pastki kameralari qisqaradi va qonni oʻpkaga yoki tananing qolgan qismiga haydaydi.

Sogʻlom yurakda bu yurak impulsizatsiya jarayoni odatda muammosiz kechadi, natijada normal tinch holatda yurak urish tezligi daqiqada 60 dan 100 tagacha zarbadan iborat boʻladi.

Qorincha fibrilatsiyasi paytida yurak

tahrir
 
Qorinchalar fibrilatsiyasi EKG tasviri

Qorincha fibrilatsiyasi yurakning elektr xususiyatlarining buzilishi yoki yurak mushaklarining normal qon taʼminoti buzilishi tufayli yuzaga keladi. Baʼzida qorincha fibrilatsiyasining sababi nomaʼlum holda qoladi.

Xavf omillari

tahrir

Qorincha fibrilatsiyasi xavfini oshirishi mumkin boʻlgan narsalarga quyidagilar kiradi:

  • Qorincha fibrilatsiyasining avval ham kuzatilganligi.
  • Muqaddam oʻtkazilgan yurak xuruji.
  • Tugʻma yurak nuqsoni.
  • Yurak mushaklari kasalligi (kardiomiyopatiya)
  • Yurak mushaklarining shikastlanishiga olib keladigan shikastlanishlar, masalan, chaqmoq urishi.
  • Giyohvand moddalarni qabul qilish, ayniqsa kokain yoki metamfetamin bilan.
  • Kaliy yoki magniyning jiddiy nomutanosibligi[2].

Asoratlari

tahrir

Darhol davolanmasa, qorincha fibrilatsiyasi bir necha daqiqada oʻlimga olib kelishi mumkin. Kasallikning tez, tartibsiz yurak urishi yurakning tanaga qon haydashni toʻsatdan toʻxtatib qoʻyishiga olib keladi. Qon bosimi keskin va sezilarli darajada pasayadi. Tanada qon yetishmasa, miya va boshqa organlarga zarar yetish xavfi shunchalik yuqori boʻladi.

Qorincha fibrilatsiyasi toʻsatdan koronar oʻlimning eng keng tarqalgan sababidir. Boshqa uzoq muddatli asoratlar xavfi qanchalik tez davo choralari koʻrilishiga bogʻliq.

Diagnostika

tahrir

Ventrikulyar fibrilatsiya har doim favqulodda vaziyatda tashxis qilinadi. Toʻsatdan koronar oʻlim sodir boʻlsa, yurak urish tezligini tekshirilganda pulsni aniqlamaydi.

Qorincha fibrilatsiyasining sababini aniqlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Elektrokardiogramma (EKG). Ushbu tez va ogʻriqsiz sinov yurakning elektr faolligini oʻlchaydi. Yopishqoq elektrodlar koʻkrakga, qoʻllarga va oyoqlarga qoʻyiladi. Simlar elektrodlarni sinov natijalarini koʻrsatadigan kompyuterga ulanadi. EKG yurak urishi juda tez, juda sekin yoki umuman yoʻqligini koʻrsatishi mumkin . Agar qorincha fibrilatsiyasi kuzatilayotgan boʻlsa, EKG odatda daqiqada 300 dan 400 gacha yurak urishini koʻrsatadi.
  • Qon testlari. Yurak xuruji sodir boʻlganda qonga oqib chiqadigan fermentlarni tekshirish uchun qon testlarini oʻtkazish mumkin.
  • Koʻkrak qafasi rentgenogrammasi. Koʻkrak qafasining rentgenogrammasi yurak va qon tomirlarining hajmi va shaklini tekshirish imkonini beradi.
  • Exokardiogramma(ExoKG). Ushbu invaziv boʻlmagan test yurak hajmi, tuzilishi va harakatini tasvirlash uchun tovush toʻlqinlaridan foydalanadi.
  • Koronar kateterizatsiya (angiogramma). Koronar arteriyalar toraygan yoki tiqilib qolganligini aniqlash uchun boʻyoq arteriya orqali, odatda yelka arteriyasi orqali, yurak arteriyalariga kiritilgan uzun, ingichka naycha (kateter) orqali yuboriladi. Boʻyoq arteriyalarni rentgen nurida aniqroq koʻrsatishga yordam beradi, bu esa tiqilib qolgan joylarni aniqlaydi.
  • Yurak kompyuter tomografiyasi (KT). Yurak kompyuter tomografiyasi paytida rentgen trubkasi tana atrofida aylanadi va yurak va koʻkrak qafasi tasvirlarini yaratadi.
  • Yurakning magnit-rezonans tomografiyasi (MRT). Ushbu test yurakdagi qon oqimining batafsil tasvirlarini yaratish uchun magnit maydon va kompyuter tomonidan yaratilgan radio toʻlqinlardan foydalanadi[3].

Davolash

tahrir

Qorincha fibrilatsiyasi toʻsatdan koronar oʻlimning oldini olish uchun shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi. Favqulodda davolanishning maqsadi organlar va miya shikastlanishining oldini olish uchun qon oqimini imkon qadar tezroq tiklashdir.

Qorincha fibrilatsiyasini shoshilinch davolash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Kardiopulmonar reanimatsiya (KPR). KPR yurakning nasos harakatiga taqlid qiladi va qonning tanaga oqishini taʼminlaydi. Yurak massaji bemor koʻkragiga qattiq va tez bosib- daqiqada 100-120 siqishdan iborat boʻladi. Siqishlar orasida koʻkrak toʻliq koʻtarilishi kerak. Avtomatlashtirilgan tashqi defibrilator (ATD) olib kelinguncha yoki tez yordam kelguncha yurak massajini davom ettiriladi.
  • Defibrilatsiya. Ushbu davolash kardioversiya deb ham ataladi. Avtomatlashtirilgan tashqi defibrilator (ATD) koʻkrak devori orqali yurakka zarba beradi. Oddiy yurak ritmini tiklashga yordam beradi. ATD olib kelinishi bilan u qoʻllanadi. Umumiy foydalanishdagi ATDlar qorincha fibrilatsiyasini aniqlash va faqat kerak boʻlganda zarba yuborish uchun dasturlashtirilgan[4].

Dori-darmonlar

tahrir

Yurak ritmini nazorat qilish uchun dorilar (antiaritmik) qorincha fibrilatsiyasini shoshilinch yoki uzoq muddatli davolash uchun ishlatiladi. Agar qorincha fibrilatsiyasi yoki toʻsatdan koronar oʻlim xavfi mavjud boʻlsa, yurak urishini sekinlashtirish va nazorat qilish uchun dori-darmonlarni buyurishi mumkin.

Jarrohlik yoki boshqa protseduralar

tahrir

Qorincha fibrilatsiyasini davolash uchun jarrohlik yoki tibbiy muolajalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Implantatsiya qilinadigan sunʼiy peysmeker (IQSP). Sunʼiy peysmeker – yurak ritmini doimiy ravishda kuzatib turadigan implantatsiya qilingan qurilma. Agar u juda tez yurak urishi yoki titrayotgan yurakni aniqlasa, jarayonni toʻxtatish va yurak ritmini tiklash uchun zarbalar yuboradi. Kichkina jarrohlik amaliyoti paytida batareya bilan ishlaydigan qurilma chap boʻyinbogʻ sohasiga oʻrnatiladi. Sunʼiy peysmekerdan bir yoki bir nechta moslashuvchan, izolyatsiyalangan simlar(oʻtkazgichlar) tomirlar orqali yurakka oʻtadi.
  • Yurak ablasyoni. Ushbu protsedura issiqlik yoki sovuq energiyadan foydalanib, qorincha fibrilatsiyasiga olib keladigan gʻayritabiiy elektr impulslarini blokirovka qilish uchun yurakda kichik chandiqlar hosil qiladi. Koʻpincha tomirlar yoki arteriyalar orqali kiritilgan kateterlar deb ataladigan nozik, moslashuvchan naychalar yordamida amalga oshiriladi. Bu yurak jarrohligi paytida ham amalga oshirilishi mumkin.
  • Koronar angioplastika va stent oʻrnatish. Agar qorincha fibrilatsiyasi yurak xurujidan kelib chiqqan boʻlsa, bu protsedura kelajakda qorincha fibrilatsiyasi epizodlari xavfini kamaytirishi mumkin. Shifokorlar arteriya orqali, odatda, yurakdagi tiqilib qolgan arteriyaga uzun, ingichka naycha (kateter) kiritadilar. Kateterning uchidagi balon qisqa vaqt ichida arteriyani kengaytirib, yurakdagi qon oqimini tiklaydi. Jarayon davomida arteriyaning ochiq qolishiga yordam beradigan metall toʻr stentini qoʻyishi mumkin.
  • Koronar shuntlash operatsiyasi. Ushbu ochiq yurak operatsiyasi yurakka qon oqimini yaxshilaydi. Agar qorincha fibrilatsiyasiga koronar arteriya kasalligi sabab boʻlsa, buni qilish mumkin. Shuntlash operatsiyasi paytida jarroh oyoq, qoʻl yoki koʻkdan sogʻlom qon tomirini oladi va uni yurakdagi bloklangan arteriyalar ostidan va yuqoridan bogʻlaydi. Bu qon oqimi uchun yangi yoʻlni yaratadi[5].

Manbalar

tahrir
  1. „Ventricular Fibrillation“ (2018-yil 6-iyun). 2022-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  2. „Ventricular Fibrillation“ (2016-yil 30-sentyabr). 2022-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  3. „Ventricular Fibrillation“ (2021-yil 20-sentyabr). 2022-yil 5-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  4. „Ventricular Fibrillation“. 2022-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  5. „Ventricular fibrillation“ (2021-yil 2-iyun). 2022-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.