Vikimanba (viki va manba soʻzlarining birikmasi) (inglizcha: Wikisource) — erkin matnlarni oʻzida jamlagan onlayn kutubxona. Vikipediya singari Vikimanba ham Vikimedia Jamgʻarmasining loyihasi boʻlib, koʻngillilar tomonidan tuziladi. Vikimanba loyihaning ham umumiy nomi, ham uning har bir boʻlimi nomidir. Boʻlimlar odatda muayyan tildagi materiallarni oʻz ichiga oladi. Vikimanbaning turli tillardagi boʻlimlari birgalikda umumiy Vikimanbani tashkil qiladi. Loyihaning maqsadi turli shakldagi erkin matnlarni koʻp tillarda oʻziga jamlashdir. Vikimanba boshida foydali yoki muhim tarixiy matnlar arxivi sifatida yaratilgan. Keyinchalik toʻliq kutubxonaga aylangan. Loyiha rasmiy ravishda 2003-yilning 24-noyabrida Manbaberg loyihasi (inglizcha: Project Sourceberg) oʻlaroq ish boshlagan. Loyihaga „Vikimanba“ nomi oʻsha yilning oxirida berilgan. Bundan yetti oy oʻtib loyiha uchun alohida domen ajratilgan. Loyihani yetarlicha ishonchli emas deb tanqid qilib kelishsa-da, uni Milliy arxivlar va hujjatlashtirish boshqarmasi kabi tashkilotlar manba sifatida koʻrsatib keladi.[2]

Favicon of Wikipedia Vikimanba
Vikimanba logosi
Web-manzil www.wikisource.org
Interwiki s:
Asosiy boʻlim jami 65 tilda
Asos solingan sana 2003-yil 24-noyabr[1]
Litsenziya erkin
Reklama yoʻq

Vikimanbaga erkin litsenziyali va ijtimoiy mulk hisoblangan asarlar; professionallar qalamiga mansub asarlar yoki tarixiy hujjatlar; mustaqil ravishda tekshirish mumkin boʻlgan asarlargina yuklanadi. Boshida asarlarni oflayn yoki boshqa onlayn kutubxonalarga tayanib tekshirish mumkin boʻlgan. Hozirgi kunda asarlar ProofreadPage xizmati yordamida tekshiriladi. Bu asbobdan loyihadagi matnlarning ishonarli va xatosiz ekanligi tekshiriladi.

Muayyan tildagi asarlarni oʻzida jamlagan ayrim Vikimanbalarda faqatgina tekshirib koʻrilgan asarlarni yuklash mumkin. Vikimanbadagi materiallarning asosiy qismi matnlardan iborat boʻlsa-da, loyihada rasmli jurnallardan tortib audio kitoblargacha bor. Ayrim Vikimanbalarda foydalanuvchilar tegishli Vikimanba qoidalariga amal qilgan holda asarlarga oʻz sharhlarini qoʻshishlari mumkin.

Manbalar tahrir

  1. Ayers, Phoebe; Matthews, Charles; Yates, Ben. How Wikipedia Works. No Starch Press, 2008 — 435–436 bet. ISBN 978-1-59327-176-3. 
  2. „Transcribe | Citizen Archivist“. Qaraldi: 4-oktabr 2013-yil.

Havolalar tahrir