Vikipediya:OAV uchun/10K
Oʻzbekcha Vikipediya maqolalari soni 10 mingdan oshdi
2001-yili asos solingan Vikipediya nomli internet-qomusning oʻzbek tilidagi boʻlimi 2003-yili[1] oʻz ishini boshladi. Oradan toʻqqiz yil oʻtdi, bu paytda boshqa tillardagi Vikipediyalar gurkirab rivojlandi, oʻquvchi va yozuvchilarni jalb etdi, omma eʼtiborini qozondi. Ingliz, olmon, farang va golland tillaridagi Vikipediyalar aql bovar qilmas darajada kengayib, har birining maqolalari soni milliondan oshib ketdi. Qardosh turk va qozoqlar ham anchagina qiziquvchilarni toʻpladi, yuz mingdan ortiq qomusiy axborot yigʻilgan maqola yozishdi va shu ishda davom etishmoqda.
Lekin oʻzbek internet-foydalanuvchilari orasida bunday loyihaga qiziqish katta boʻlgani yoʻq. Faol mualliflarimiz soni nihoyatda oz. Bosh Sahifaga qarashlar soni oyiga 20 mingdan[2] nariga deyarli oʻtmagan. Bunday tushkunlik hatto keskin choralar koʻrilishiga olib kelishiga oz qoldi.
Ammo bugun tilimizdagi Vikipediya kelajakka umid bilan qaramoqda. 2012-yili 5-iyun kuni maqolalarimiz miqdori 10 mingdan oshdi. 10 000-chi maqola Kompas haqida boʻldi.